Insofli bo‘lish huquqiy munosabat barqarorligini ta’minlashda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Insofli egallovchining huquqlari mavjudmi, uning huquqlari fuqarolik qonunchiligi bilan himoya qilinadimi kabi savollar hech birimizni befarq qoldirmaydi.
So‘nggi yillarda sudlarga oldi-sotdi bitimini haqiqiy emas deb topish, bitim oqibatlarini qo‘llash to‘g‘risida da’vo ariza bilan murojaat qilish ko‘payib bormoqda. Ushbu holat oldi-sotdi shartnomasining alohida turlari (ko‘chmas mulk (uy-joy) va transport vositalari oldi-sotdi shartnomalari) bo‘yicha mulkni sotish vakolatiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan oldi-sotdi qilish, qalbaki bitim tuzish bilan bog‘liq.
Masalan, mulkning dastlabki egasiga qarashli ekanligi sud tomonidan aniqlansa, insofli egallovchidan mol-mulkni olib, garchi insofli egallovchi nomiga rasmiylashtirilgan va u davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa ham, uni qonuniy (dastlabki) egasiga qaytarib berish haqida qaror qabul qilinadi.
Hozirgi davr talablaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasida jismoniy va yuridik shaxslarning fuqarolik-huquqiy himoyasini kuchaytirish, jumladan mulkning insofli egallovchisi huquqlarini himoya qilishning fuqarolik-huquqiy mexanizmini takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda. Ma’lumki, agar mol-mulk uni boshqa shaxsga berish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsdan haq to‘lab olingan bo‘lsa, oluvchi buni bilmagan va bilishi mumkin bo‘lmagan bo‘lsa, u insofli egallovchi hisoblanadi. Jumladan, FK loyihasining “Mulk huquqi prezumpsiyasi”, deb nomlangan 181-moddasiga ko‘ra, davlat reyestri ma’lumotlariga ishonib harakat qilgan insofli egallovchidan ko‘chmas mulkni qaytarib olish ta’qiqlanadi, bundan ushbu shaxs o‘ziga mazkur mulkni begonalashtirgan shaxs bunga haqli emasligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lganligi sud tartibida isbotlangan holatlar mustasno.
FK loyihasida sud qaroriga ko‘ra olib qo‘yilgan mulkning qiymati shaxsga to‘lanishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, lekin ushbu mulkning qiymati kim tomonidan to‘lab berilishi aniqlashtirilmagan. Bu esa, mulk bo‘yicha yuzaga kelgan nizoni sud tomonidan qonuniy va adolatli hal qilish imkoniyatini bermaydi.
Bugungi kunda mamlakatimizda insofli egallovchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish asoslari va mexanizmining mavjud emasligi, ularning mulk va boshqa ashyoviy huquqlarining kafolatlanmasligi amaliyotda qator muammolarga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, Fuqarolik kodeksidagi egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddatni hisoblashda dastlab umumiy da’vo muddati tamom bo‘lgandan keyin o‘ta boshlashi haqidagi qoida ham insofli egallovchining manfaatlarigi zid bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida ko‘chmas mulkga doir huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 apreldagi “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4270-son qaroriga asosan, ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar haqidagi ma’lumotlar Reyestrga faqat davlat notarial idorasining talabnomasiga asosan elektron shakldagi kadastr pasporti tayyorlanganidan keyin notariuslar tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda huquq egasini o‘zgartirish shaklida kiritiladi va bir vaqtning o‘zida Reyestrdan ko‘chirma beriladi.
Ushbu qaror ko‘chmas mulkka nisbatan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda axborot-kommunikatsion texnologiyalarni faol joriy etish, ortiqcha sansalorliklarni oldini olishga xizmat qiladi. Mazkur sohaga axborot-kommunkatsion texnologiyalarini joriy etish shartnomaviy munosabatlar barqarorligiga xizmat qilishi zarur. Bunda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshiruvchi barcha tashkilotlar (kommunal xizmat, soliq inspeksiyasi va boshqa tashkilotlar) bilan integratsiya tarmog‘ini yaratish va uni qo‘llash zaruratini yuzaga keltiradi. Mazkur tizim turli suiiste’molliklardan himoya qilingan bo‘lishi kerak.

Ayub Qurbonov,
Kattaqo‘rg‘on shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan