Oila shakllanishining asosiy shartlaridan biri bu nikohir. U xalqimizning an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi.
Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Nikoh tuzish uchun bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak.
Sog‘lom oilani shakllantirish uchun avvalo tibbiy ko‘rikning ahamiyati katta. FHDYO organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslarning nikoh tuzilganligini qayd etish to‘g‘risidagi arizasini qabul qilishda belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma beriladi.
Nikohlanuvchi shaxslar ruhiy (shizofreniya, epilepsiya, oligofreniya), narkologik, zaxm (tanosil), OIV/OITS hamda sil kasalligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Nikoh tuzishni xohlovchi shaxslar namunadagi yozma yoki elektron ariza bilan murojaat etgandan bir oy o‘tgach FHDYO organi tomonidan rasmiylashtiriladi.
Nikohni qayd etish faqat nikohlanuvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshiriladi. Nikohlanuvchilardan biri betobligi sababli FHDYO organiga kela olmaydigan istisno hollarda nikoh tuzilganligi:

  • shifoxonada;
  • uyda yoki boshqa tegishli joyda, nikohlanuvchi ikkala shaxsning ishtirokida qayd qilinadi.
    ChЕT ELDA NIKOHNI QAYD ETISH
    Chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining nikohini qayd etish o‘sha davlat qonunchiligiga asosan uning vakolatli organlari tomonidan yoki O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalarida tegishli Qoidalarga asosan amalga oshiriladi.
    Agar konsullik muassasasida nikohlanuvchi shaxsning oilaviy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lmasa konsul bu ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan oladi.
    NIKOH SHARTNOMASI
    Nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi deyiladi.
    Nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin. Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
    Er va xotin nikoh shartnomasiga ko‘ra birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibini o‘zgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o‘rnatishga haqlidir.
    Er va xotin nikoh shartnomasida o‘zaro moddiy ta’minot berish, oila xarajatlarini ko‘tarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, boshqa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini belgilash, nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mulkni aniqlab olishga shuningdek, nikoh shartnomasiga er va xotinning mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalar kiritishga haqli.
    O‘g‘iloy YUSUPOVA,
    shahar FHDYO bo‘limi inspektori.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan