TA’LIMDA KATTAQO’RG’ON TAJRIBASI ZAMON TALABLARIGA TENGLASHMOQDA

Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ta’lim tizimini yuksaltirish, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni har tomonlama qo’llab-quvvatlash va rag’batlantirish maqsadida keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. 1-oktyabr — O’qituvchi va murabbiylar kuni arafasida biz borada shahrimiz ta’lim tizimida erishilgan natijalar, o’quvchilarning zafarlari hamda yangi o’quv yilidagi ustuvor vazifalar haqida shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo’limi mudiri Mashhura Bekova bilan suhbatlashdik.

— Suhbatimiz avvalida shahrimiz ta’lim tizimida erishilgan eng salmoqli natijalar va pedagogik jamoaning salohiyati haqida to’xtalsangiz.

— Bugun Yangi O’zbekistonda ta’lim sohasi davlat siyosatining eng ustuvor yo’nalishiga aylandi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar Kattaqo’rg’on shahrida ham o’z samarasini bermoqda. Shahrimizdagi 59 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida 6 760 nafar bola tarbiyalanmoqda, qamrov 80,7 foizga yetdi. 19-DMTT direktor o’rinbosari Shahlo Bo’tayevaning Respublikada «Yil tarbiyachisi» deb topilgani bu ishlarning yaqqol e’tirofidir.

Umumta’lim maktablarimizning 977 nafar pedagog xodimlari attestatsiya test sinovlarida o’rtacha 63,4 ball qayd etib, viloyatda 1-o’rinni egalladilar. O’qituvchilarimizning 56,8 foizi umumta’lim va chet tillari bo’yicha milliy hamda xalqaro sertifikatlarga ega.

17-maktab o’qituvchisi Gulbahor Ibragimovaning «Yil o’qituvchisi» tanlovi g’olibi bo’lganligi bu boradagi ishlarning amaliy natijasidir.

— O’quvchilarning oliy ta’limga kirish ko’rsatkichlari va tanlovlardagi ishtiroki qay darajada bo’ldi?

— Joriy o’quv yilida bitiruvchilarimizning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko’rsatkichi 30 foizdan 40 foizga ko’tarildi, o’rtacha ball esa 86,0 ballni tashkil etdi. Shuningdek, bitiruvchilarimizning 19 nafari oltin, 2 nafari esa kumush medal bilan maktabni tamomladi.

Shahar bo’yicha 16 695 nafar o’quvchining 1 343 nafarida (8,1 foiz) chet tili va umumta’lim fanlarini bilish darajasi bo’yicha sertifikatlari mavjud.

Iqtidorli o’quvchilarimizning natijalari alohida faxrimiz: 2-maktab o’quvchisi Diyora Norjigitova IELTS 8 darajasini, 3-maktabning 4-sinf o’quvchisi Ibrohimjon Po’latov B2 sertifikatini qo’lga kiritdi. Tanlovlarda ham jamoalarimiz peshqadam: 14-maktabning «Iqtidor» ansambli respublikada 1-o’rinni, 11-maktab jamoasi «Eng namunali EKO maktab» tanlovida 2-o’rinni va «Yosh gvardiyachi» musobaqasida 3-o’rinni egalladi.

— Maktab va bog’chalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, infratuzilmani yaxshilash bo’yicha qanday ishlar bajarildi?

— Ta’lim maskanlarimizni zamonaviy sharoitlar bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, maktablarimizning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, zamon talablariga javob beradigan maskanlarga aylantirish borasidagi ishlarni amalga oshirish uchun 2025–2026-yilda «Tashabbusli byudjet» va boshqa manbalar hisobidan 13 milliard so’mdan ortiq mablag’ yo’naltirildi.

Ushbu mablag’lar evaziga 3-, 9-, 14-, 18- va 20-maktablarda sun’iy qoplamali sport maydonchalari hamda tashqi voleybol va basketbol maydonlari barpo etish, sport zallarini, sinfxonalarni ta’mirlash, maktablarga kirish qismini asfaltlash, binolarni mukammal ta’mirlash hamda oshxona, faollar zali qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, 7 ta maktabimizda inklyuziv sinflar tashkil etilib, alohida ta’lim ehtiyojiga ega o’quvchilar uchun to’siqsiz muhit yaratildi.

— Yangi 2026–2027-o’quv yilida bo’lim oldiga qanday ustuvor vazifalar qo’yilgan?

— Oldimizda katta va mas’uliyatli marralar turibdi. Yangi o’quv yilida 5 ta oilaviy bog’cha tashkil etish orqali qamrovni 86,6 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz. Maktablardagi ta’lim sifatini oshirish bo’yicha bitiruvchilarning o’rtacha ballini 132,0 ballga ko’tarib, Respublikada 20-o’ringa chiqish hamda shahardagi barcha 17 ta maktabni yangi baholash tizimiga to’liq o’tkazish asosiy maqsadimizdir.

Bundan tashqari, «Kelajak uchun xorijiy til» loyihasi doirasida 15 nafar xorijiy mutaxassisni maktablarimizga jalb etamiz.

Investitsiya dasturi hisobidan maktablar uchun 10,5 milliard so’mlik 990 o’rinli qo’shimcha bino hamda bog’chalar uchun 7,2 milliard so’mlik yangi binolar qurib foydalanishga topshiriladi.

Ishonchimiz komilki, shahrimiz ta’lim fidoyilari bilan birdamlikda kelgusidagi ishlarimizni izchil davom ettirib, bildirilgan yuksak ishonchni munosib oqlaymiz.

Fursatan foydalanib, yosh avlodga ilm va ma’rifat ulashayotgan barcha ustoz va murabbiylarimizni 1-oktyabr — O’qituvchi va murabbiylar kuni bayrami bilan tabriklayman!

— Maroqli suhbatingiz uchun rahmat.

Suhbatdosh: H. ERGASHEV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan