INSON QADRI, BILIM VA MILLIY YUKSALISH SARI YANGI BOSQICH

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi mamlakatimiz hayotidagi muhim tarixiy sana sifatida nafaqat bosib o‘tilgan taraqqiyot yo‘lini sarhisob qilish, balki kelajakdagi strategik maqsadlarni belgilash nuqtai nazaridan ham katta ahamiyat kasb etadi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 28-avgust kuni Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi mamlakatimizning bugungi taraqqiyot falsafasi va kelgusi rivojlanishdagi ustuvor yo‘nalishlarini anglash uchun muhim siyosiy-ma’naviy dasturilamal sifatida namoyon bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida mustaqillikning tarixiy mohiyatini inson qadri, erkinligi va farovonligi bilan uzviy bog‘ladi. Zero, mustaqillikning eng katta mazmuni, avvalo, insonning o‘z hayotini erkin qurishi, o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi, bilim olishi va munosib hayot kechirishi uchun imkoniyatlarning kengayishida namoyon bo‘ladi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlanganidek, xalqimiz 1991-yilda o‘z xohish-irodasi va qat’iyati bilan davlat mustaqilligiga erishdi. Bu mustaqillikning ildizlari esa xalqimizning uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analari va qadimiy sivilizatsiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois bugungi yuksalishni tarixiy xotira, milliy o‘zlik va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligida ko‘rish nihoyatda muhimdir.

Inson qadri – taraqqiyotning bosh mezoni!

Bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy mezonlaridan biri insonni rozi qilish, uning manfaatlarini himoya qilishdir. Prezidentimiz nutqida “Inson qadri uchun!” g‘oyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqilgani alohida qayd etildi.

Bu tamoyilni oliy ta’lim tizimi nuqtai nazaridan ham chuqur anglash zarur. Chunki inson kapitalini rivojlantirmasdan turib, zamonaviy iqtisodiyot, ilm-fan va innovatsion jamiyatni shakllantirish mumkin emas.

Oliy ta’lim muassasalarining asosiy vazifasi faqat mutaxassis tayyorlash bilan cheklanmaydi. Universitet yosh avlodda mustaqil fikrlash, ilmiy dunyoqarash, mas’uliyat, vatanparvarlik, kasbiy kompetensiya va doimiy izlanish madaniyatini shakllantiradigan muhim ijtimoiy institutdir.

Shu jihatdan Prezidentimizning bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan va mustaqil fikrlaydigan yangi avlod mutaxassislariga ehtiyoj borligi haqidagi fikrlari oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari zimmasidagi mas’uliyatni yanada oshiradi.

Ta’lim va ilm-fan – milliy taraqqiyotning asosiy kapitali

Nutqdagi eng muhim jihatlardan biri ta’lim, ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarning mamlakat taraqqiyotidagi hal qiluvchi omil sifatida ko‘rsatilganidir.

Bugungi globallashuv sharoitida davlatning iqtisodiy qudrati tobora ko‘proq tabiiy resurslar emas, balki inson kapitali, bilim, ilmiy salohiyat va texnologik imkoniyatlar bilan belgilanmoqda. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim tizimi rivojlanishi yangi strategik vazifalarni belgilab olish majburiyati paydo bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘maydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, oliy ta’limda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetgan. Bu ko‘rsatkich oliy ma’lumot olish imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Biroq endilikda asosiy vazifa faqat talabalar sonini ko‘paytirish emas, balki ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishdan iboratdir. Zamonaviy universitet raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, innovatsiyalar, tadbirkorlik, kreativ fikrlash va xalqaro ilmiy hamkorlik bilan uyg‘unlashgan bilim muhitini yaratishi kerak.

Professor-o‘qituvchilar esa ushbu jarayonning markaziy subyekti hisoblanadi. Bugungi pedagog nafaqat o‘z fanining bilimdoni, balki tadqiqotchi, mentor, innovator va yoshlarni kelajak kasblariga yo‘naltira oladigan zamonaviy intellektual yetakchi bo‘lishi lozim.

Sun’iy intellekt va kelajak kasblari: universitet oldidagi yangi vazifa

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot rivojiga alohida urg‘u berdi. 10 million yoshlarni raqamli industriyaga va kelajak kasblariga olib kirish maqsadini ilgari surdi. Shuningdek, O‘zbekistonning texnologiya sohasida jahon miqyosidagi ilg‘or tashabbuslarni taklif etadigan markazga aylanishi va o‘zbek tilida ham ilm-fan hamda texnologiyalar yaratilishi zarurligi ta’kidlandi. Bu esa malakatimiz Oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritadigan har bir professor-o‘qituvchilar uchun ham yangi pedagogik mas’uliyatni yuz karraga oshiradi.

Endilikda auditoriyada faqat tayyor bilimni yetkazish yetarli emas. Talabaga axborotni izlash, tahlil qilish, tekshirish, ilmiy xulosa chiqarish va yangi g‘oya yaratishni o‘rgatish zarur.

Sun’iy intellekt davrida haqiqiy ta’limning qadri aynan insonning tanqidiy va ijodiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish bilan belgilanadi.

Shuning uchun ham oliy ta’lim muassasalarida “bilim berish” modelidan “bilim yaratish va undan samarali foydalanish” modeliga izchil o‘tish dolzarb vazifa deb hisoblayman.

Milliy yuksalishning yangi bosqichi

Prezidentimiz nutqida kelgusi o‘n yillik O‘zbekiston uchun “milliy yuksalish davri” bo‘lishi qayd etildi. Bu fikr, avvalo, mamlakatning inson kapitali, ilmiy salohiyati va texnologik imkoniyatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalarni anglatadi.

Kelgusi davr uchun belgilangan yettita milliy dastur ta’lim va tibbiyotdan tortib, yuqori texnologiyali iqtisodiyot, ekologiya, qonun ustuvorligi, mahalla va tashqi siyosatgacha bo‘lgan muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi. Ushbu jihat ham Oliy ta’lim muassasasi tashkilotlariga alohida vazifalar yuklaydi. Chunki malakali shifokor, muhandis, pedagog, huquqshunos, iqtisodchi, IT-mutaxassis, ekolog, davlat boshqaruvi mutaxassisi va tadqiqotchini aynan ta’lim tizimi tayyorlaydi. Demak, mamlakatning kelgusi o‘n yillikdagi muvaffaqiyati ko‘p jihatdan universitetlarda bugun qanday ta’lim berilayotganiga, albatta, bog‘liqdir.

Muhtaramyurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev Miromonovichning jonajon Vatanimiz O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yillik tantanasida so‘zlagan nutqi va davlatimiz rivojlanishi uchun belgilab bergan 7 ta ustuvor yo‘nalish Milliy dasturimizda belgilab bergan vazifalaridan kelib chiqqan holda biz, professor-o‘qituvchilarning jamiyat oldidagi mas’uliyatimiz yanada ortdi.

Bugungi professor-o‘qituvchi nafaqat auditoriya bilan, balki jamiyat bilan ham faol muloqot qilishi kerak. Ilm-fan natijalarini ommaviy axborot vositalarida targ‘ib qilish, yoshlarni ilmga jalb etish, jamiyatdagi dolzarb masalalarga ilmiy munosabat bildirish, aholining ilmiy savodxonligini oshirish — zamonaviy akademikning ijtimoiy mas’uliyatini oshirishni talab etadi.

Xulosa o‘rnida shularni ta’kidlashimiz mumkinki,O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi – bu 35 yillik tarixiy yo‘lning oddiy sanasi emas. Bu xalqimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy davlatchilikni mustahkamlash va taraqqiyot sari dadil qadam tashlash yo‘lining muhim bosqichidir. Bugungi vazifa – erishilgan natijalarni munosib baholash bilan birga, kelajak oldidagi mas’uliyatni chuqur his etishdir. Ayniqsa, ta’lim va ilm-fan vakillari zimmasida ulkan vazifa turibdi. Chunki milliy yuksalishning eng mustahkam poydevori –bilimli, vatanparvar, zamonaviy kasblarni egallagan, mustaqil va kreativ fikrlaydigan avloddir. Biz, oliy ta’lim professor-o‘qituvchilari, yosh avlodni ana shunday ruhda tarbiyalash, ularga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash, ilmiy izlanishlarga yo‘naltirish hamda Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislarni tayyorlashni o‘zimizning sharafli burchimiz deb bilamiz.

Javlon Quchqorov, Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika

instituti Filologiya va ijtimoiy fanlar fakulteti

O‘zbek tili va gumanitar fanlar kafedrasi mudiri dotsent

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan