TADBIRKORLIKKA YO’L OCHAYOTGAN YANGI IMKONIYATLAR

Prezidentning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida ko’tarilgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan qabul qilingan 175-son Farmon tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan muhim hujjatlardan biri bo’ldi. Mazkur Farmon bilan tadbirkorlar uchun qator yengillik va yangi imkoniyatlar belgilangan.

Xususan, kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy joriy etiladi. Shu bilan birga, birinchi marta qoidabuzarlikka yo’l qo’ygan va inson hayoti, sog’lig’i yoki boshqa shaxslar mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga darhol jarima qo’llash o’rniga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi.

Yana bir muhim yangilik — 2026-yil 1-sentabrdan 31-dekabrga qadar kichik va o’rta tadbirkorlik subyektlari uchun «Ikkinchi imkoniyat» iqtisodiy amnistiyasi e’lon qilinganidir. Belgilangan shartlar asosida soliq qarzdorligi to’liq to’langan taqdirda hisoblangan penyalar bekor qilinishi, soliq hisobotlaridagi ayrim xatolar tadbirkor mustaqil ravishda tuzatilgan hollarda esa penya hisoblanmasligi nazarda tutilgan.

Farmonda tadbirkorlarning vaqt va mablag’ini tejashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Tadbirkorlikka oid davlat xizmatlarining 50 foizi «sukut — rozilik» tamoyiliga o’tkaziladi. Shuningdek, ayrim tadbirkorlik subyektlari uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bo’yicha oldindan to’lanadigan haq miqdori 15 foiz etib belgilanishi, ortiqcha hisobot va qog’ozbozlikni kamaytirish choralari ko’zda tutilgan.

Muhimi, tadbirkorlarning huquqiy himoyasi kuchaytirilmoqda. Davlat organi va tadbirkor o’rtasidagi nizolarda tadbirkorning haqligi ustuvor hisoblanishi, qonunbuzarlikni isbotlash majburiyati davlat organi zimmasiga yuklanishi belgilangan.

Bunday chora-tadbirlar tadbirkorlarga o’z faoliyatini ishonch bilan davom ettirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va biznesni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Zero, tadbirkorlik qancha rivojlansa, yangi ish o’rinlari, investitsiyalar va iqtisodiy faollik ham shuncha ortadi.

Sh. AMONOVA,
shahar soliq inspeksiyasi boshlig’i.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan