YONG’INDAN OGOHLIK — UMUMMILLIY OYLIGI O’TKAZILMOQDA
Aholi o’rtasida yong’in xavfsizligi qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish maqsadida yurtimizda turli targ’ibot-tashviqot tadbirlari o’tkazib kelinmoqda. Jumladan, shu kunlarda davom etayotgan «Yong’indan ogohlik» umummilliy kampaniyasi oyligi doirasida fuqarolarga yong’inlarning oldini olish, yong’in sodir bo’lganda to’g’ri harakat qilish hamda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish bo’yicha tushuntirish ishlari olib boriladi.
Yong’inlarning kelib chiqishiga ko’pincha elektr jihozlaridan noto’g’ri foydalanish, elektr tarmoqlarining nosozligi, gaz va isitish moslamalaridan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, ochiq olovni nazoratsiz qoldirish kabi holatlar sabab bo’ladi. Shu bois har bir xonadon, korxona va tashkilotda yong’in xavfsizligi talablariga amal qilish muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa, kuz-qish mavsumida isitish moslamalaridan foydalanishda ehtiyotkorlikni yanada oshirish lozim. Nosoz elektr jihozlaridan foydalanmaslik, elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklama bermaslik, gaz va isitish moslamalarini qarovsiz qoldirmaslik zarur.
Bolalar xavfsizligi ham alohida e’tiborni talab qiladi. Ularni gugurt, zajigalka va boshqa olov manbalaridan ehtiyot bo’lishga o’rgatish, bunday buyumlarni bolalar qo’li yetmaydigan joyda saqlash lozim.
Yong’in sodir bo’lgan taqdirda vahimaga tushmasdan, avvalo, insonlar xavfsizligini ta’minlash, imkon qadar xavfli hududni tark etish va zudlik bilan «112», «101» va «1050» qisqa raqamlariga xabar berish kerak.
Yong’inning oldini olish — uning oqibatlarini bartaraf etishdan ko’ra ancha oson. Shuning uchun «Yong’indan ogohlik» umummilliy kampaniyasi oyligi doirasidagi targ’ibot tadbirlarida faol ishtirok etish, berilayotgan tavsiyalarga amal qilish va yaqinlarimizni ham ogohlikka chaqirish barchamizning fuqarolik burchimizdir.
Yong’in xavfsizligi — har birimizning mas’uliyatimiz. Ogohlik va ehtiyotkorlik esa hayotimizni asraydi!
M. ISAYEV,
O. TO’XTAMURODOV,
shahar FVB FVPB kichik inspektorlari.






