«Nuroniylar kuylaganda» tanlovining shahar bosqichi o‘tkazildi.
Bugun Kattaqo‘rg‘on shahar Madaniyat saroyida «Nuroniylar kuylaganda» shiori ostida nuroniylar o‘rtasida maqom va milliy qo‘shiqlar tanlovining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
«Nuroniy» jamg‘armasi hamda Madaniyat boshqarmasining qo‘shma qarori asosida tashkil etilgan mazkur tanlovda 60 yosh va undan yuqori bo‘lgan erkaklar hamda 55 yosh va undan yuqori bo‘lgan ayollar orasidan maqom va milliy qo‘shiqlarni ijro eta oladigan havaskor san’atkorlar ishtirok etdilar.
Tanlov yakuniga ko‘ra, “Maqom” va “Milliy qo‘shiqchilik” yo‘nalishidagi g‘oliblar «Nuroniy» jamg‘armasi shahar bo‘limi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Mazkur tanlov nuroniylar o‘rtasida milliy san’at va maqom ijrochiligi an’analarini asrab-avaylash, ularning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qildi.









