Kattaqo‘rg‘onda inson qadri ulug‘lanmoqda: yangi loyihalar ezgu maqsadlarga xizmat qiladi
Kattaqo‘rg‘onda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar uchun munosib sharoitlar yaratish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Shahrimizning Ulug‘bek Barnoyev ko‘chasi atrofidagi 3,2 gektar yer maydonida barpo etilgan, 300 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy “Muruvvat” uyi bugungi kunda foydalanishga topshirilish arafasida turibdi. Mazkur muassasa fuqarolarning salomatligini tiklash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va hayot sifati yaxshilanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Bugun ushbu obyektga Respublika Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Sirojiddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh tashrif buyurdi. Tashrifda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Zayniyev hamda tegishli mas’ul rahbarlar ishtirok etishdi.
Mehmonlar muassasada yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, obyektda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning sog‘ligini tiklash, ularni reabilitatsiya qilish va parvarish bilan qamrab olishga qaratilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Uchrashuv davomida kelgusida mazkur binolarda samarali faoliyatni yo‘lga qo‘yish, aholiga yanada sifatli ijtimoiy-tibbiy xizmatlar ko‘rsatish hamda sohadagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Bu kabi ezgu tashabbuslar yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, mehr-oqibat va g‘amxo‘rlik tamoyillarini hayotga keng tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.










