BIR HUKM TAFSILOTI

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudida ko‘rib chiqilgan navbatdagi ish nafaqat huquqiy, balki tarbiyaviy ahamiyati bilan ham e’tiborga molik bo‘ldi. Sud hukmi orqali yoshlar o‘rtasida tobora dolzarb bo‘lib borayotgan muammo — giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarning oqibatlari yana bir bor ochiq namoyon etildi.

Sudda aniqlanishicha, sudlanuvchi Anvar Ikromov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) giyohvandlik vositasi bo‘lgan “kannabis” o‘simligini qonunga xilof ravishda ekib parvarishlagan, shuningdek, uni sotish bilan bog‘liq harakatlarga qo‘l urgan. Tezkor tadbir davomida u giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida ushlangan va qo‘shimcha ravishda saqlab kelayotgan moddalar ham aniqlangan.

Sud jarayonida ayblanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirdi. Biroq har qanday jinoyatga javobgarlik muqarrar. Sud yig‘ilgan dalillar, guvohlar ko‘rsatmalari va ekspertiza xulosalariga tayanib, uning harakatlariga huquqiy baho berdi.

Qonun ustuvorligi ta’minlangan holda, sudda A. Ikromov tegishli moddalar bilan aybli deb topilib, unga nisbatdan uzil-kesil 3 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Bu hukm — faqat bir shaxs taqdiri emas, balki jamiyat uchun muhim saboqdir. Giyohvandlikka berilish, uni tarqatish yoki undan foydalanish — nafaqat inson hayotini izdan chiqaradi, uning kelajagiga soya soladi. Eng achinarlisi, bu kabi illat yoshlarning taqdirini sindiradi.

Shu bois, har bir inson, ayniqsa yoshlar, hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlab, qonunlarga hurmat bilan qarashi, o‘z kelajagi uchun mas’uliyatni his etishi lozim. Adolatli hukm esa doimo ogohlik va ibrat bo‘lib xizmat qiladi.

Sh. NURIDDINOV, shahar prokurori katta yordamchisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan