“SOG‘LOM VA BARKAMOL AVLOD KELAJAGIMIZ POYDEVORI” GRANTI DOIRASIDA. YUQUMLI KASALLIKLARDAN SAQLANISH MUMKINMI?

Dunyoning qator davlatlarida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha murakkab epidemik vaziyat saqlanib qolmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi samarali tadbirlar natijasida o‘lat, vabo, sariq isitma, virusli gemorragik isitmalar, parranda grippi kabi karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning respublika hududiga chetdan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalib ketishining oldi olinmoqda. Ammo, Respublikamizda fuqarolarimizning ushbu kasalliklar to‘g‘risida bilimi yetarli emasligi oqibatida ba’zan aholi o‘rtasida Qrim-Kongo gemorragik isitma, kuydirgi, quturish kabi kasalliklar qayd etilishi uchramoqda. Ushbu kasalliklarning kelib chiqishida oddiy qoidalarga rioya qilmaslik va e’tiborsizlik sabab bo‘ladi. Shu bois fuqarolarimizga ushbu kasalliklardan himoyalanishning ishonchli qoidalari haqida eslatib o‘tmoqchimiz.

Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi (QKGI) – kanalar chaqishi orqali yuqadigan, viruslar qo‘zg‘atadigan o‘ta xavfli yuqumli kasallik. Virus hayvonlar va bemor qonini so‘rgan kanani ezib o‘ldirganda yoki shu kasallikka chalingan bemor qoni sog‘lom odam terisi va shilliq qavatiga tushganda ham yuqishi mumkin. Ko‘pgina holatlarda kasallik og‘ir kechib, bemor organlaridan qon ketishi natijasida o‘lim qayd etiladi. Kasallikni yuqtirmaslik uchun quyidagi qoidalarga qat’iy amal qilish lozim: -Tabiat qo‘ynida dam olish yoki xo‘jalik ishlarini bajarish uchun chiqqanda kanadan himoyalanish choralarini ko‘rish, kiyimda yurgan kana tez ko‘zga tashlanishi uchun imkon darajasida ochiq rangli kiyim kiyish ; -Chorva va uy hayvonlariga kana yopishganligi aniqlangan hollarda uni qo‘l bilan olib tashlashga yoki qaychi bilan kesishga harakat qilmasdan, darhol veterinariya mutaxassisiga murojaat qilib, uning maslahat va ko‘rsatmalarini bajarish; -Kana odam tanasiga o‘tib olgandan keyin qulay joy qidiradi (qo‘ltiq osti, chatan va boshqa issiq va pana joy) bu vaqtda uni payqab qolsangiz tibbiyot maskani yaqin bo‘lsa imkoni boricha darhol tibbiyot xodimlariga murojaat qiling; -Qishloq xo‘jalik hayvonlarini junini qirqish oldidan ularga maxsus vositalar yordamida kanalarga qarshi ishlov berish; -Qirqimga jalb qilingan ishchilarni to‘liq maxsus kiyim (etik, kombinzon, qo‘lqop) bilan ta’minlash, gigiyena qoidalariga rioya qilish; -Veterinariya ko‘rigidan o‘tkazilmagan, kasal hayvonlarni so‘ymaslik. Hozirda tibbiyotda QrimKongo gemorragik isitmasiga qarshi emlama, maxsus davolash usullari mavjud emas. Kuydirgi turli xil yuqish yo‘llariga ega bo‘lgan, asosan o‘ziga xos og‘riqsiz yara, ba’zida o‘pka, ichak va og‘iz-tomoq shakllarida namoyon bo‘ladigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Kuydirgi kasalligi qo‘zg‘atuvchisi tuproqda bo‘ladi. Kasallik odatda qo‘y, echki, qoramollarda va odamlarda uchraydi. Hayvonlarda kuydirgi kasalligi juda og‘ir kechib, tana harorati to‘satdan 40-41° gacha ko‘tarilib, ichaklardan qon ketadi. Kuydirgi kasalligi bilan kasallangan hayvonlarni so‘yish, terisini shilish, go‘shtini maydalash, kalla-pocha va oshqozon –ichaklarini tozalash jarayonlarida odamlarga yuqadi. Kuydirgi kasalligidan saqlanish uchun: -Chorva mollarini veterinar ko‘rigidan o‘tkazib, kuydirgi kasalligiga qarshi emlatish; -Kuydirgi bilan kasallangan hayvonlarni veterinar ruxsatisiz so‘yilishiga yo‘l quymaslik, mollarni faqat qushxona va so‘yish maydonlarida veterinar ko‘rigidan o‘tkazilgandan so‘ng so‘yish; -Duch kelgan joylardan go‘sht sotib olmaslik, go‘shtni go‘sht rastalari va do‘konlardan xarid qilish; -Hayvonlarni parvarish qilishda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish. Quturish hayvon va odamlarda uchraydigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, uni nerv tizimini shikastlantiruvchi viruslar qo‘zg‘atadi. Viruslar ko‘plab miqdorda quturish kasalligiga chalingan hayvonlarning so‘lagi bilan tashqi muhitga ajraladi. Kasallik odamga va hayvonlarga quturish kasalligiga chalingan hayvonlarning tishlashi, so‘lagining tegishi va tirnashi natijasida yuqadi. Quturish kasalligiga chalingan it, mushuk, kalamush, bo‘ri, chiyabo‘ri, bo‘rsiqlar kasallikning asosiy manbai hisoblanadi. Odamda kasallikning yashirin davri o‘rtacha 10-14 kun, ba’zida 1 yilgacha va undan ko‘proq ham davom etishi mumkin. Dastlab, tishlangan joy qichiydi, tortishib og‘riydi, bitta jarohat va chandiq takroran yallig‘lanishi mumkin. Bemor tushkunlikka tushadi, odamlar bilan muloqot qilishdan qochadi, uyqusi buzilib, ishtahasi bo‘g‘iladi. Unda qo‘rquv hissi paydo bo‘ladi, kayfiyati o‘zgarib turadi. Kasallikning avj olish davrida, bemorning tana harorati ko‘tariladi, suvdan, havo (shamol) dan, yoruqlikdan, tovushdan qo‘rqish alomatlari paydo bo‘ladi. Bemorning ovozi bo‘g‘iladi, terlaydi, so‘lagi oqadi, tomirning tez-tez urishi davom etadi, nafas olishi buziladi. Bemor kasallik boshlanganidan 4-6 kundan keyin vafot etadi. Kasallik 100% o‘lim bilan tugaydi. Quturish kasalligini oldini olish uchun: -Uy hayvonlarini, ayniqsa, itlarni bog‘langan holda saqlang. Ularni qarovsiz qoldirmang. -It va mushuklarni quturishga qarshi emlating! -Farzandlaringizga qarovsiz va kasal itlar bilan muloqot qilmaslik kerakligini, quturish kasalligi hayvonlarning tishlashi, tirnashi, shuningdek, so‘lagining tegishi natijasida ham yuqishi mumkinligini muntazam eslatib turing! Fuqarolarimizdan o‘z salomatliklariga befarq bo‘lmasliklarini, yuqorida qayd etilgan oddiy qoidalarga amal qilishlarini so‘rab qolamiz.

Shoira SOBIROVA, shahar Sanepidqo‘m epidemiologiya va immunoprofilaktika bo‘limi mudiri.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan