Assalomu alaykum muhtarama va munis onaxonlar, latofatli va go‘zal opa-singillar! Avvalambor barchangizni Muborak Ramazon oyi bilan hamda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Insoniyat yaralibdi-ki, yaratganning mo‘jizasi bo‘lgan ayollarga bo‘lgan muhabbat va ehtirom bir daqiqa bo‘lsa-da so‘ngan emas. Ayol borki ko‘ngillarda bahor yashaydi, butun borliq zavq-shavqqa to‘ladi. Ayol-mo‘tabar ona, suyukli yor, jondan aziz qiz sifatida ulug‘lanib kelinadi. Ayol-sevgi va muhabbat ramzi, vafo-sadoqat timsoli, oila shamchirog‘idir.
Hurmatli Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, «Ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi. Biz, barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun siz, mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz. Ayniqsa, siz, azizlarning sog‘lom zurriyod, barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishdagi o‘rningiz va xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab, baholab bo‘lmaydi. Sizlarning mehr-muhabbatingiz, vafo va sadoqatingiz, fidoyiligingiz sababli hayotimiz charog‘on. Sizlar tufayli oilalarimizda tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka hukm surayotgani uchun barchangizga har qancha tasanno aytsak, arziydi, albatta”, -degan so‘zlari ham biz ayollarga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtiromning yuksak namunasidir.
Aziz opa-singillar!
Bugun yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzi, hurmat va e’tiborini oshirish, ijtimoiy himoyalash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda kattaqo‘rg‘onlik xotin-qizlarning ham turli sohalarda rahbarlik lavozimida, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritib, shahrimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda munosib hissa qo‘shib kelayotganlarini alohida ta’kidlash joiz.
Shahrimiz aholisining 51 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi. Bugungi kunda 370 nafar xotin-qizlar boshqaruv sohasida, 14 nafari shahar va viloyat kengashi deputati, 700 nafari maktab, 800 nafarga yaqini maktabgacha ta’lim, 63 nafar oliy ta’lim, 1000 nafardan ortiq sog‘liqni saqlash va boshqa turli sohalarda faoliyat yuritib kelmoqdalar. Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida 100 nafar faol xotin-qizlar zaxiraga olingan.
Hurmatli xotin-qizlar!
Bugun oliygohlarda tahsil olayotgan qizlarimizning safi kundan-kunga ortib bormoqda. Bu natijalar ushbu yo‘nalishdagi islohotlarning amaliy ifodasidir. Har qanday xalqning yetuklik darajasini, avvalo, ayollarning ilmiy-madaniy kamoloti belgilab berishi, oqila va o‘qimishli onalar millatning buyuk kelajagini yaratishlari barchamizga yaxshi ayon. Donishmandlar: «Bir qizni o‘qitsangiz – butun millatni, butun jamiyatni, butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz», deya bejiz ta’kidlamaganlar.
Shu o‘rinda mamnuniyat bilan aytamizki, bugun shahrimizda faoliyat yuritayotgan Samarqand Davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filialida tahsil olayotgan 2500 nafardan ortiq talabalarning 2074 nafarini ya’ni, 83 foizini qizlarimiz tashkil qiladi.
O‘tgan yilda shahrimiz umumta’lim maktablarini tamomlagan 341 nafar qizlarning 221 nafari turli oliygoxlarning talabasi bo‘ldilar, 19 nafar qizlar maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomladilar.
Kelgusida ularning orasidan ham shahrimiz, viloyatimiz va respublikamizni har tomonlama taraqqiy ettirishda, ta’lim-fan sohalarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadigan ajoyib olimalar, fan doktorlari yetishib chiqishiga ishonamiz.
Bugun shahrimiz o‘quvchi-qizlarining yutuqlarini alohida e’trofga loyiq. Xususan, 3-maktab o‘quvchisi Sevara Mamatova Boks bo‘yicha Ikki karra Osiyo va Jaxon chempioni kamarini qo‘lga kiritib, nafaqat shahrimiz, balki viloyatimizning faxriga aylandi. Shu maktab o‘quvchilari Parvina Shakarova Boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida 1-o‘rinni, Jasmina Eshmurodova “UShU” sport turidan O‘zbekiston kubogi musobaqasida 1-o‘rinni egallashdi. Shuningdek 3-maktabning sobiq bitiruvchisi Sevara Pulatova «El-yurt umidi» jamg‘armasi sovrindori bo‘lib, AQSh ning Missuri Universitetiga to‘liq grant asosida o‘qishga qabul qilindi. 20-maktab o‘quvchisi Solihabonu Dagarova Raqamli Texonoliyalar Vazirligi tomonidan o‘tkazigan “Dasturchi qizlar” tanlovining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lib, Xalqaro olimpiadada ham ishtirok etdi.
Albatta, biz farzandlarining taqdiriga befarq bo‘lmagan, ularning kelajagi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berayotgan ota-onalarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Biz kattaqo‘rg‘onlik o‘quvchi-qizlar orasidan ham kelajakda bo‘lajak Tumaris, Anbar otin, Bibixonim, Zebuniso, Uvaysiy, Nodirabegim, Hadicha Sulaymonova, Zarifa Saidnosirova, Zulfiya Isroilova, Suyuma G‘anieva, Halima Xudoyberdieva, Halima Nosirova singari buyuk iste’dod va iqtidor sohibalari chiqishini astoydil istaymiz.
Qadrli opa-singillar!
Bugungi kunda Davlat va jamoat ishlarida samarali mehnat qilayotgan shahrimiz xotin-qizlari 2024 yilda bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritishdi.
Jumladan, 5-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti raxbari Dilafruz Xalilova, 4-maktab o‘qituvchisi Zamira Jaxongirova hamda 17-maktab o‘qituvchisi Barno Murodovalar “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
8-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Zulfiya Xidirova “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi-2024” kasbiy ko‘rik tanlovi respublika bosqida 1-o‘rinni, 19-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Nazira Ochilova ham mazkur tanlovda 3-o‘rinni egallab, oliy ta’lim muassasasiga grant asosida o‘qish qabul qilinishdi.
O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha shahrimizda jami 1762 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi, 36 ta mahallalarda tashkil etilgan hunarmandchilik markazlarida 70 nafar xotin-qizlarimizning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlariga imkoniyat yaratildi. Shuningdek, shahrimiz xotin-qizlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli yodamlar ko‘rsatildi.
Joriy yilda ham mutasaddi davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda shahrimizdagi xotin-qizlar uchun farovon va baxtiyor hayot tarzini yaratish, ularning muammolarini bartaraf etish, oilalar tinchligini ta’minlash, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi ayollarni hayotda o‘z o‘rinlarini topishda moddiy va ma’naviy tomondan ko‘maklashish kabi ishlarni davom ettirib, xotin-qizlarimizni jamiyatning faol va tashabbuskor a’zosiga aylantiramiz.
Aziz kattaqo‘rg‘onliklar!
Men bugun sizning vakilingiz sifatida shahrimizni yanada ravnaq toptirish, avvalo Siz, azizlarning orzu-niyatlaringiz va manfaatlaringizni ro‘yobga chiqarishni o‘z oldimga katta vazifa qilib qo‘yganman. Bu borada sizning ham mening yonimda turib, xalqimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lida birgalikda Vatanimizga hizmat qilishingizga ishonaman.
MUHTARAM ONAXONLAR, MUNIS OPA-SINGILLAR!
Barchangizni yana bir bor Xalqaro xotin-qizlar bayrami hamda Muborak Ramazon oyi bilan qutlayman. Sizga oilaviy xotirjamlik, saodatli uzoq umr, mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik-totuvlik va qut- baraka tilayman!