KATTAQO‘RG‘ON ShAHRIDA “MILLIY BREND” ASOSIDAGI LOYIHA AMALGA OShIRILMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27 dekabrdagi “Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi PQ-392-sonli qarori ijrosi doirasida “drayver” loyihalarni amalga oshirish uchun zarur infratuzilmaviy shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan manzilli dastur asosida Kattaqo‘rg‘on shahrida istiqbolli loyihalardan biri- “Chinobod” mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-48 Samarqand–Juma avtomobil yo‘lining 66–67 kilometr qismida sharq shirinliklariga ixtisoslashtirilgan “Milliy brend” savdo majmuasi tashkil etilmoqda.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida hududda zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi yaratilib, 50 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Bu esa, o‘z navbatida, mahallada aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Bugun Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova tegishli mas’ullar hamrohligida “Chinobod” mahallasida bo‘lib, mazkur qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni borishini o‘rgandi.
Shahar hokimi tadbirkorlarning yengil konstruksiyali savdo do‘konlarini qurish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli yakunlash, shuningdek, obyektlar atrofida barpo etilayotgan muhandislik-kommunikatsiya va infratuzilma obyektlarini belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish yuzasidan mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berdi.






