YASHIRIN IQTISODIYOTGA QARSHI KURASH – DAVR TALABI
Yashirin iqtisodiyot jamiyat taraqqiyotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatib, davlat budjetiga tushumlarning to‘liq shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Bu esa ijtimoiy sohalarni moliyalashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va aholi farovonligini oshirish imkoniyatlarini cheklaydi. Eng yomoni, u halol raqobat muhitini buzib, qonuniy ishlayotgan tadbirkorlarga zarar yetkazadi.
Ushbu sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 2025-yil 10-dekabrda Prezidentimizning “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotdagi yashirin iqtisodiyot ulushini 1,3 baravarga qisqartirish va savdo hamda xizmat ko‘rsatish sohasida naqd pulsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga yetkazish asosiy maqsad etib belgilandi.
Farmon bilan hayotimizga qator muhim yangiliklar va cheklovlar joriy etilmoqda:
- 2026-yil 1-anvardan: Barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar banklarda generatsiya qilingan yagona QR kod orqali to‘lovlarni qabul qilishni yo‘lga qo‘yadi. Shuningdek, 1 ta tashqi savdo shartnomasi doirasida bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat 1 yildan oshmagan muddatga 1 marotaba beriladi. Import qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqda uzoq vaqt turib qolganda sayyor soliq tekshiruvi o‘tkaziladi, ko‘chmas mulk va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi esa bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi.
- 2026-yil 1-martdan: Soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qo‘yilgan jismoniy shaxslar tomonidan umumiy yillik daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya topshirish tajriba-sinovdan o‘tkaziladi.
- 2026-yil 1-apreldan: Davlat xizmatlari, kommunal to‘lovlar, alkogol va tamaki mahsulotlari xaridi, AYQShlar xizmati, qiymati 25 million so‘mdan oshadigan tovarlar hamda ko‘chmas mulk va yangi avtotransport vositalari oldi-sotdisi uchun to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.
- 2026-yil 1-iyuldan: Barcha savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida yagona QR kodli tizim orqali to‘lov qabul qilish majburiy bo‘ladi va undan foydalanmaslik qoidabuzarlik hisoblanadi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlaridagi tekshiruvlar bosqichma-bosqich bodi-kameralardan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Shuni aytish joizki, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish – bu faqat davlat organlarining emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Halollik va shaffoflik – barqaror iqtisodiy rivojlanish va aholi farovonligining asosiy kafolatidir.
A. TILAVOV, shahar Adliya bo‘limi boshlig‘i.









