BANDLIK: AMALIY NATIJALAR VA ISTIQBOLLAR
Bugungi kunda Kattaqo’rg’on shahrida aholi bandligini ta’minlash, ishsiz fuqarolarni, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o’qitish hamda ularning daromad manbalarini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biri bo’lib qolmoqda.
Shu maqsadda shaharda mehnat bozorining joriy talablari va ish beruvchilarning ehtiyojlari chuqur o’rganilib, talab yuqori bo’lgan kasblar bo’yicha qisqa muddatli o’quv kurslarda fuqarolar tikuvchilik, sartaroshlik, oshpazlik-qandolatchilik, kompyuter savodxonligi va IT asoslari, shuningdek, elektr montyori, payvandchi, avtomexanik hamda santexnik kabi yo’nalishlarda tahsil olmoqdalar.
O’quv jarayoniga, eng avvalo, «Ijtimoiy ximoya yagona reyestri»ga kiritilgan, «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga turuvchi hamda ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolar ustuvor tartibda jalb etilmoqda. Mashg’ulotlar zamon talablariga mos jihozlangan kasb-hunar maktablarida olib borilib, unda nazariy bilimlardan ko’ra amaliy ko’nikmalarni shakllantirishga alohida urg’u berilmoqda.
Muhimi, kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga beriladigan tegishli sertifikatlar ularning kelgusidagi bandligi uchun mustahkam zamin bo’lmoqda. Xususan, bitiruvchilarni bo’sh ish o’rinlariga joylashtirish, o’zini o’zi band qilgan shaxs sifatida ro’yxatdan o’tkazish va subsidiya hamda imtiyozli kreditlar ajratish orqali kichik tadbirkorlik faoliyatini yo’lga qo’yishga tizimli ko’maklashilmoqda.
Amalga oshirilayotgan bu kabi manzillli chora-tadbirlar shaharda ishsizlik darajasini sezilarli darajada kamaytirish, aholining kasbiy salohiyati va daromadlarini oshirish hamda oilalar farovonligini ta’minlashda o’z foydasini bermoqda.
Kelgusida ham Kattaqo’rg’on shahrida mehnat bozori rivojlanishi va raqamli texnologiyalar ommalashuvidan kelib chiqib, yangi avlod kasblariga o’qitish ko’lamini kengaytirish va bitiruvchilarni munosib ish o’rinlari bilan ta’minlash bo’yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
J. QO’LDASHEV,
shahar Kengashi deputati.






