Mahalla telegram guruhlari orqali fuqarolarning bank kartalari himoya qilinadi: Kattaqo‘rg‘onda kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘quv seminari o‘tkazildi
Kattaqo‘rg‘on shahrida mahalla telegram guruhlari va kanallarining axborot xavfsizligini taʼminlash, internet firibgarliklarining oldini olish hamda fuqarolarning bank kartalari va shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Tadbirda shahar hokimi Gavhar Alimova, shahar IIB boshlig‘i v.b. Begzod Shamsiyev, korxona va tashkilotlar, mahallalarning telegram kanal va guruhlari adminlari, yoshlar yetakchilari hamda tegishli mutasaddilar ishtirok etdi.
Seminarda Samarqand viloyati IIB Kiberxavfsizlikka qarshi kurashish bo‘limi mutaxassislari tomonidan kiberjinoyatlarning eng keng tarqalgan turlari, firibgarlik havolalari (fishing), zararli dasturlar va ulardan himoyalanish usullari haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Shuningdek, 👉maxsus telegram boti va antivirus dasturini mahalla guruhlariga o‘rnatish orqali zararli havolalar va virusli fayllarni avtomatik aniqlash hamda o‘chirish imkoniyatlari tushuntirildi.
Taʼkidlanganidek, ushbu bot guruhlarda reklama tarqatmaydi va foydalanuvchilarning shaxsiy yozishmalarini o‘qimaydi. Uning asosiy vazifasi — firibgarlik havolalari hamda guruh xavfsizligiga tahdid soluvchi zararli fayllarni aniqlab, ularni tezkor bartaraf etishdan iborat.
Maʼlumot uchun, joriy yilning o‘tgan davrida Kattaqo‘rg‘on shahrida 60 dan ortiq fuqaro kiberjinoyatlar qurboniga aylanib, qariyb 2 milliard so‘mga yaqin moddiy zarar ko‘rgan.
Seminar yakunida ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berilib, barcha mahalla telegram guruhlariga mazkur himoya botini o‘rnatish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.







