“Xarid chekini olishni unutmang!” shiori ostida targ‘ibot aksiyasi o‘tkazildi
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida soliq organlari tomonidan shahar Yoshlar ishlari bo’limi bilan hamkorlikda aholining xarid chekini talab qilib olish madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida “Xarid chekini olishni unutmang!” shiori ostida qiziqarli targ‘ibot aksiyasi tashkil etildi.
Tadbir davomida xaridorlar tomonidan olingan xarid cheklari orasidan maxsus tanlov asosida omadli chek egalari aniqlanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi. Aksiya ishtirokchilari chek olish orqali nafaqat qonunchilik talablariga rioya etish, balki turli sovrinlarni qo‘lga kiritish imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar.
Shuningdek, tadbir doirasida yoshlar, soliq xodimlari hamda mahalla faollaridan iborat targ‘ibot guruhlari tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Fuqarolarga xarid chekini talab qilib olishning afzalliklari, shuningdek, xarid cheki berilmagan holatlarda amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan choralar haqida batafsil ma’lumot berildi.










