ENG YAXSHI MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTI DIREKTORI ANIQLANDI

Avvalroq xabar berganimizdek, bugun shahrimizdagi 5-maktabgacha ta’lim tashkilotida “Eng namunali maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tanlovning ochilish marosimida shahar hokimi Gavhar Alimova hamda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sobir Mirzayev ishtirok etdilar.

Ular o‘z chiqishlarida mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim muassasalarida yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlar, pedagog kadrlar salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, bugungi tanlov rahbarlarning bilim va tajribasini oshirish, ilg‘or ish uslublarini ommalashtirish hamda ta’lim sifati va samaradorligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari muassasada yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim xonalari va tarbiya jarayonlari uchun tashkil etilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar. Qizg‘in va bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan tanlovda shahrimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari o‘z ish faoliyatlari, muassasalarda ta’lim-tarbiya jarayonlarini samarali tashkil etish, zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida mashg‘ulotlarni olib borish bo‘yicha taqdimotlarini namoyish etdilar.

Tanlov yakuniga ko‘ra, 5-maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori eng munosib ishtirokchi sifatida g‘olib deb topildi. Shuningdek, 2-o‘rinni 15- MTT hamda 3-o‘rinni 22 -MTT direktori qo‘lga kiritdi. G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Mazkur tanlov maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan rahbar kadrlarning kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish va ta’lim sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan