Kattaqo‘rg‘onda yangi ko‘prik qurilishi boshlanmoqda
Kattaqo‘rg‘on shahrida aholiga yanada qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitini yaratishga qaratilgan muhim infratuzilmaviy loyihaga start berilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, bugun shahrimizning Ulug‘bek Barnoyev va Alisher Navoiy ko‘chalarini o‘zaro bog‘lovchi yangi ko‘prik qurilishi uchun 9 dona maxsus temir-beton to‘sinlar olib kelindi.
Qurilish ishlari olib boriladigan hududga tashrif buyurgan shahar hokimi Gavhar Alimova loyihaning sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, ko‘prik ta’mirlanishi davomida aholi va haydovchilarga noqulaylik tug‘dirmaslik maqsadida transport qatnovi uchun qo‘shimcha aylanma yo‘nalishlarni belgilash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
🇺🇿 Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi PQ–392-sonli qarori doirasida amalga oshirilmoqda. Ayni paytda ushbu qaror asosida Kattaqo‘rg‘on shahrida 12 ta muhim ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalar izchil hayotga tatbiq etilmoqda.
Yangi ko‘prik nafaqat shahar yo‘l-transport tizimini yaxshilaydi, balki aholi uchun yanada qulay va xavfsiz harakat muhitini yaratishga xizmat qiladi.











