“SOG‘LOM VA BARKAMOL AVLOD KELAJAGIMIZ POYDEVORI” GRANT DOIRASIDA. TEZ-TEZ KASALLANUVCHI BOLALAR

TAHRIRIYAT: Bolalarni jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlari ularni kelgusida barkamol avlod sifatida kamol topishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ularni yoshligidan turli kasalliklarga chalinmasliklari uchun kuchli immunitetni shakllantirishga e’tibor qaratish lozim. Kasallikka tez-tez chalinishlarini sababini bilish uchun albatta, mutaxassislarni, shifokorlarning maslahatlariga amal qilish lozim. Biz ota-onalarni bu borada tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lishlari uchun mutaxassislarning fikr va maslahatlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

Bolalar kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini (immunitet) homila davrida onadan oladi. Immunitet har bir organizmda individual shakllangan bo‘ladi. Bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlarda esa immunitet ona organizmidan go‘dakka ona suti orqali o‘tadi va shuning natijasida bolada tabiiy immunitet hosil bo‘ladi. Bu esa bolani turli kasalliklardan himoya qiladi. Tug‘ilgandan so‘ng bolada sun’iy immunitet hosil bo‘lishi uchun bola profilaktik tarzda emlanadi. Natijada bola organizmida turli xil infeksion kasalliklarga qarshi immunitet paydo bo‘ladi. 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar yiliga 4-martadan ko‘p, 3 yoshdan yuqori bo‘lgan bolalar esa yiliga 6-martadan ko‘p respirator kasalliklar ya’ni o‘tkir respirator virusli infeksiya, gripp, bronxit kabi kasalliklar bilan kasallansalar bunday bolalar tez-tez kasallanuvchi bolalar guruhiga kiradilar. Bu bolalar shifokor nazoratida bo‘lishlari va surunkali kasalliklari bo‘lsa ularni muntazam ravishda davolatib turishlari zarur. Bolalarning tez-tez kasallanishlarida ruhiy muammolar, nasldan-naslga o‘tish, homiladorlik paytidagi muammolar, vaqtidan oldin tug‘ilish, allergiya, to‘g‘ri ovqatlanmaslik, noto‘g‘ri yashash tarzi sabablar bo‘lishi mumkin. Ruhiy muammolar: Ular psixosomatik deb ataluvchi har-xil kasalliklar keltirib chiqarishi mumkin. Stresslar, og‘ir kechinmalar, hayajonli daqiqalar bolalar immunitetiga kuchli ta`sir yetkazadi. Nasldan naslga o‘tish: Agar ota-ona hayotining ko‘p qismini burnida ro‘molcha bilan o‘tkazgan bo‘lsa, bolaning tez-tez kasallikka chalina boshlashidan ajablanmasa ham bo‘ladi. Homiladorlik paytidagi muammolar: Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, ona qornida rivojlanishdagi muammolar, homiladorlik va tug‘ishning og‘ir kechishi, bo‘lg‘usi onadan o‘tkazilgan infeksiyalar ham yangi tug‘ilgan chaqaloq immunitetiga zarar yetkazadi. Vaqtidan oldin tug‘ilish: Agar go‘dak muddatidan oldin tug‘ilsa, u ham tez-tez kasallikka chalinish xavfi bo‘lgan guruhga kiradi. Allergiya: Bunda bolaning aynan nimaga reaksiyasi borligi muhim emas. Tibbiyot xodimlari atopik dermatit, oziq-ovqatlar allergiyasi, pollinoz, bronxial astma va burun-xalqum infeksiyalarining hammasi uchun bitta gen javob berishini isbot qildi. U ham nasldan naslga o‘tadi. To‘g‘ri ovqatlanmaslik: Bola ratsionida vitaminlar, oqsil, mikroelementlar, kletchatkalarning kamligi yoki u sun’iy ovqatlar bilan boqilayotgan bo‘lsa, bu immunitet uchun iz qoldirmasdan o‘tib ketmaydi. Noto‘g‘ri yashash tarzi: Agar bola uyda o‘tirsa, kamdan-kam sayrga chiqsa, sport bilan shug‘ullanmasa va toza havoda faol o‘yinlar o‘ynamasa uning virusga chalinish xavfi yuqoriroq bo‘ladi. Jamoat transportlarida ko‘p yuradigan, yopiq joydagi guruhlar ichida ko‘p shug‘ullanadigan, bolalar bog‘chasiga boradigan, turli xil tadbirlarga va odamlar to‘planadigan joylarga ko‘p qatnashadigan bolalar haqida ham xuddi shuni aytish mumkin.

X. UMAROVA. Kattaqo‘rg‘on Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi o‘qituvchisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan