O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasida o‘g‘rilik tushunchasiga ta’rif berilgan. Unga binoan, o‘g‘rilik o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishdir.
Talon-taroj qilish-bu birovning mulkini o‘zining yoki boshqa shaxslarning foydasi uchun, mulkdorga yoki ushbu mulkning boshqa egasiga zarar keltirib, qonunga xilof ravishda, bepul olib qo‘yishda ifodalanadi.
Sud–tergov amaliyotida talon-tarojning eng ko‘p tarqalgan shakllaridan biri bu-o‘g‘rilikdir. Bunga sabab, avvalo, tergov amaliyotida o‘g‘rilikni ochish foizlarining unchalik katta emasligi bo‘lsa kerak, chunki o‘g‘rilik yashirin ravishda sodir etiladi, bu esa, jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini ancha oshiradi, uning ochilishini qiyinlashtiradi.
Ushbu jinoyatning subyekti 14 yoshga to‘lgan har qanday aqli raso jismoniy shaxs bo‘lishi mumkin.
Jabrlanuvchining yoki boshqalarning yo‘qligida yoki ular bor bo‘lsa-da, ularga bildirmasdan o‘zganing mol-mulkini yashirin talon-toroj qilish o‘g‘rilik hisoblanadi. Bordiyu jabrlanuvchi yoki boshqalar mol-mulkining olinayotganligini ko‘rgan bo‘lsa-da, lekin aybdor bildirmasdan harakat qilyapman deb o‘ylagan bo‘lsa, bunday qilmishni ham o‘g‘rilik deb tavsiflash lozim.
Yashirin ravishda deganda, mulk egasi yoki mulk ishonib topshirilgan yoki ixtiyorida turgan shaxsga sezdirmasdan, ular yo‘q vaqtda yoxud mulkdor yoki boshqa shaxslar mulkning talon-taroj qilinayotganini tushunmagan vaqtda sodir etilishi tushuniladi.
Agar o‘g‘rilangan mulkning umumiy qiymati Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 61-moddasi 4-qismida ko‘rsatilgan miqdordan oshib ketmasa (talon-toroj qilingan mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan oshmasa), necha marotaba mayda o‘g‘rilik sodir etilganidan qat’i nazar, shaxs faqatgina ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
O‘g‘rilangan mulkning miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan kunda amalda bo‘lgan, Respublikada belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. O‘g‘rilangan mulk qiymatini aniqlashda ishning muayyan holatlariga qarab, huquqbuzarlik sodir etilgan kundagi shartnomaviy, bozor, birja baholariga asoslaniladi.
Kissavurlik, ya’ni kiyim, sumka yoki boshqa qo‘l yukidagi ashyoni o‘g‘rilash respublikamizning jinoyat qonuniga yangi kiritilgan og‘irlashtiruvchi holatdir. Kissavurlikning ijtimoiy xavfliligi, birinchidan, uning ancha ko‘p tarqalganligi bilan, ikkinchidan, aybdor bevosita jabrlanuvchining o‘zida turgan mulkni tortib olishi, agar egasi o‘z mulkiga suiqasd qilinayotganini payqab qolsa, unga nisbatan zo‘rlik ishlatilishi xavfi tug‘ilishi mumkinligi bilan izohlanadi.
O‘g‘rilikni ochiq joyda emas, balki uy-joyga, omborxonaga yoki boshqa xonalarga g‘ayriqonuniy ravishda kirib sodir etishning ijtimoiy xavflilik darajasi yuqori. Buni shunday asoslash mumkin. Birinchidan, ochiq joylarda sodir etilganda, talon-toroj qilinishi mumkin bo‘lgan mulkning miqdori cheklangan bo‘lib, jinoyatchi o‘sha yerda borinigina oladi. Uy-joyga, omborxonaga va boshqa xonalarga kirib o‘g‘rilik qilganda esa, jinoyatchining imkoniyatlari kengayib ketadi. Ya’ni, uyda saqlanayotgan qimmatbaho narsalar, zeb-ziynat buyumlari, jamg‘arilgan pullarga egalik qilish imkoniyatlari paydo bo‘ladi.
Ikkinchidan, o‘g‘rilik ochiq joyda yuz bersa, jinoyatchining imkoniyatlari kamroq, jabrlanuvchining tajovuzdan qutulib qolish sharoiti kengroq bo‘ladi. Ya’ni, jabrlanuvchi mulkni o‘zida saqlab qolish uchun qarshilik ko‘rsatishi, qochib qutulishi, atrofdagilarning yordamiga tayanishi, himoya qilishni so‘rab atrofdagi odamlarga murojaat qilishi, sodir etilgan jinoyat yuzasidan tezkor choralar ko‘rish uchun ichki ishlar xodimlariga murojaat qilishi mumkin. Uy-joy, omborxona yoki boshqa xonalarga o‘g‘ri oralaganda esa aksincha: jabrlanuvchi barcha imkoniyatlardan mahrum bo‘lib, chorasiz qoladi. Qolaversa, mazkur holatda o‘g‘rilikdan bosqinchilik jinoyati ham «o‘sib» chiqishi mumkin.
O‘g‘rilik jinoyatini sodir etgan shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish jarayonida surishtiruv, tergov va sud amaliyotida jinoyatchi shaxsini aniqlab, qilmishini yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi barcha holatlar yetarlicha baholangach, adolatli jazo tayinlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zero, jinoyatlar sodir etilishining oldini olish tayinlanadigan jazoning adolatli bo‘lishiga ham ko‘p jihatdan bog‘liq.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining raisi
Oltiboyev Abdixakim

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan