“SOG‘LOM VA BARKAMOL AVLOD —KELAJAGIMIZ POYDEVORI” GRANT LOYIHASI. OVQATLANISH RATSIONIGA JIDDIY E’TIBOR QARATASIZMI?

TAHRIRIYAT:Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda sog‘lom ovqatlanishni yo‘lga qo‘yishning ahamiyati katta. Zero, ovqatlanish ratsioniga e’tibor qaratilishi natijasida ko‘plab kasalliklarni kelib chiqishining oldi olingan bo‘ladi. Shu maqsadda ushbu sonda ovqatlanish ratsionini tuzishda muhim bo‘lgan tartib qoidalar haqidagi maqola orqali mutaxassislarning fikr va maslahatlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

Sog‘lom ovqatlanish tamoyillariga amal qilish har bir inson salomatligi uchun muhim hisoblanadi. Ovqatlanish ratsioningizni tuzishda quyidagi qoidalarga amal qilsangiz sog‘lom turmush tarzi yo‘lida birinchi qadam qo‘ygan bo‘lasiz. Faol bo‘ling-kamroq o‘tiring va ko‘proq harakat qiling! Oziq-ovqat iste’moli va energiya sarfi muvozanatda bo‘lishi kerak, Normal modda almashinuvi va salomatlikni yaxshi saqlab qolish uchun ko‘p harakat qilish lozim. Kun davomida, ayniqsa, komp’yuter va televizor ekranlari oldida kamroq vaqt o‘tkazish kerak. Kuningizni nonushta bilan boshlang! Nonushta sizni kun davomida quvvatlantirishi lozim. Nonushta uchun turli xil bo‘tqalar, ayniqsa, donli yormalar juda foydali. Bundan tashqari bir choy qoshiq asal yoki qora shokolad bo‘lagi kabi kichik miqdordagi shirinlikni iste’mol qilishingiz mumkin. Muntazam ravishda va oz miqdorda ovqatlaning! Kuningizni shunday rejalashtiringki, kuniga kamida uch mahal ovqatlanishga imkoningiz bo‘lsin. Ovqatlanishlar orasida uzoq vaqt tanaffus tufayli, ortiqcha ovqat iste’mol qilishning oldini olish uchun muntazam taomlanishga harakat qiling. Ehtiyoj sezsangiz, asosiy ovqatlar orasida meva va sabzavotlar, yong‘oq va yogurt kabilarni iste’mol qilishingiz mumkin. Ko‘proq ozuqaviy moddalarga boy bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qiling! Don, meva va sabzavotlar normal hazm qilish uchun zarur bo‘lgan kletchatka manbalaridir. Shuning uchun ham ushbu mahsulotlarni iste’mol qilish juda muhimdir. Yog‘larni me’yorida iste’mol qiling! Bizning tanamiz yog‘larga muhtoj, ammo ularni, albatta, me’yorida qabul qilish kerak. Shu bois ovqat tayyorlashda ko‘p miqdorda yog‘da qovurishdan ko‘ra qaynatib, bug‘da yoki pechda pishirish foydaliroq. Ratsioningizga yong‘oq, bodom va qovoq urug‘i kabilarni qo‘shib, xilma-xillik kiritishga harakat qiling. Baliq moyidan cho‘chimang! Uni biologik qo‘shimcha sifatida kapsulalar ko‘rinishida iste’mol qilish mumkin. Shakar iste’molini kamaytiring! Pishiriq va shirinliklar o‘rnini yangi yoki quritilgan mevalarga almashtirish tavsiya etiladi. Bu ham mazali ham tanangiz uchun foydali bo‘ladi. Kamroq tuz ishlating! Ovqat pishirayotganda tuzning o‘rniga o‘tlar va boshqa ziravorlardan foydalanishingiz mumkin. Tayyor taomni stolga tortayotgan vaqtda ozgina tuz qo‘shsa bo‘ladi. Tuzni ortiqcha iste’mol qilish (kuniga besh grammdan ortiq) yurak-qon tomir kasalliklari, arterial gepirtenziya, buyrak kasalliklariga olib kelishini unutmang. Chanqog‘ingizni suv bilan qondiring! Eng yaxshi ichimlik toza suvdir. Aynan suv aqliy va jismoniy yuklamalarni muvaffaqiyatli yengishingizga yordam beradi. Albatta, shuni unutmangki, sog‘lig‘ingiz o‘z qo‘lingizda. Bu borada belgilangan tartib qoidalarga amal qilish esa siz va yaqinlaringiz uchun ham juda foydali.

 K.OCHILOV, Sanepidqo’m Kattaqo’rg’on shahar bo’limi Sanitariya vrachi. O’.RASULOV, Sanitariya vrachi yordamchisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan