“So‘nggi qo‘ng‘iroq” — orzular sari ilk qadam
Bugun shahrimizdagi barcha maktablarda, jumladan, 16-maktabda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri yuqori kayfiyat, hayajonli onlar va unutilmas taassurotlar ostida bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirida shahar hokimi Gavhar Alimova ishtirok etib, bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bayram tabrigini o‘qib eshittirdi hamda yoshlarga katta hayot yo‘lida omad, yuksak marra va ulkan zafarlar tiladi.
Shuningdek, taʼlim jarayonida faol ishtirok etgan iqtidorli o‘quvchilar, mehnatsevar ustozlar va tashabbuskor ota-onalarga faxriy yorliq hamda tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar, raqs va sahna chiqishlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, bitiruvchilarning ustozlarga bag‘ishlangan samimiy chiqishlari barchaga chuqur taassurot qoldirdi. Maktab hovlisida quvonch, sog‘inch va orzular mujassam bo‘lgan ushbu tadbir bitiruvchilar uchun unutilmas xotiraga aylandi.
Aziz bitiruvchilar! Oldingizda yangi hayot yo‘llari, katta orzu va maqsadlar turibdi. Yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan, bilimli va vatanparvar insonlar bo‘lib kamol topishingizga tilakdoshmiz!











