BITIRUVCHI YOSHLAR HAYOTIDAGI UNUTILMAS VA MUHIM UCHRASHUV
Qadrdon maktab ostonasini tark etib, mustaqil hayot sari ilk qadam qo‘yayotgan bitiruvchi yoshlar qalbida o‘zgacha hayajon, orzu va intilishlar mujassam. Chunki bolalikning eng go‘zal va beg‘ubor damlari, sinfdoshlar bilan kechgan unutilmas xotiralar, mehribon ustozlarning nasihat va o‘gitlari endi hayotning eng qadrli sahifalariga aylanmoqda.
Ana shunday quvonchli va hayajonli kunlarda shahar hokimi Gavhar Alimova bilan bo‘lib o‘tgan samimiy uchrashuv kattaqo‘rg‘onlik bitiruvchilar uchun yana bir unutilmas voqeaga aylandi. Tadbirda so‘z olgan shahar hokimi yoshlarga mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yosh avlodning puxta bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi hamda o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, bitiruvchilarning kelgusidagi o‘qish va ishlarida omad va muvaffaqiyatlar tilab, ularni Vatanga sadoqatli, bilimli va tashabbuskor insonlar bo‘lib kamol topishga chaqirdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilda shahardagi umumta’lim maktablarini 850 nafar yoshlar bitirmoqda. Ularning aksariyati kelgusida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash hamda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish istagida. Shuningdek, 30 ga yaqin o‘quvchilarning xalqaro va milliy darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritgani yoshlarning bilimga bo‘lgan qiziqishi va intilishi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Uchrashuv davomida shahrimiz yoshlarining sport musobaqalari, “Besh tashabbus olimpiadasi”, fan olimpiadalari hamda turli nufuzli tanlovlarda erishgan yutuqlari ham alohida e’tirof etildi. Yoshlarning iqtidori, izlanuvchanligi va faolligi shahrimizda kelajak egalariga yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy samarasi ekani ta’kidlandi.
Tadbirning eng ta’sirli lahzalari esa o‘zining bilimi, namunali xulqi, faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh yoshlarning shahar hokimligining faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangani bo‘ldi. Ayniqsa, farzandlarini ilmli, odobli va vatanparvar etib tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalarga bildirilgan yuksak ehtirom barcha ishtirokchilar qalbida iliq taassurot qoldirdi. Tashakkurnoma bilan taqdirlangan ota-onalarning quvonchi cheksiz bo‘ldi. Bitiruvchi yoshlar ham o‘z navbatida samimiy dil izhorlarini bildirib, erishgan yutuqlarida mehribon ustoz va murabbiylarining mehnati beqiyos ekanini ta’kidladilar. Ular kelgusida yurt ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lida munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassis bo‘lishga intilishlarini bildirdilar.
Tadbir yakunida Kattaqo‘rg‘on pedagogika institutining musiqiy ta’lim yo‘nalishi talabalari tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.












