ENG FAOL HAMSHIRALAR E’TIROF ETILDI
Kattaqo’rg’on shahar Sog‘liqni saqlash bo‘limida 12-may — “Xalqaro hamshiralar kuni” munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Unda shahar hokimi Gavhar Alimova, soha faxriylari, tajribali shifokorlar hamda hamshiralar ishtirok etdi.
Shahar hokimi sohada fidoyilik bilan mehnat qilib kelayotgan hamshiralarni kasb bayrami bilan muborakbod etib, ularning inson salomatligini asrashdek sharafli va mas’uliyatli vazifani sidqidildan ado etayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, kelgusidagi faoliyatida ulkan zafarlar va muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar hamshiralar sog‘liqni saqlash tizimining eng muhim tayanchi ekani, ularning bemorlarga mehr-muruvvat, yuksak mas’uliyat va sadoqat bilan xizmat qilayotgani jamiyatda yuksak qadrlanishini ta’kidladilar.
O‘zining ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiy mahorati va fidoyiligi bilan boshqalarga namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh hamshiralar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir bayramona kayfiyat va samimiy tilaklarga boy tarzda o‘tdi.









