BIR HAFTAGA YETGAN BELQARS
Sarlavha qiziq tuyulayaptimi? Oyuna so‘zi-chi? Bu oila bilan biz devor-darmiyon qo‘shni yashaganmiz. Rahmatli Oyuna urush qatnashchisi Niyozmamat boboning bevasi bo‘lib, yolg‘izgina bolasi bilan yashardi. Yoshlari bir joyga borganda, Alloh bu onani o‘z suprasidan quruq qo‘ymay, bittagina zurriyot ato qilgan. Qo‘l uchida kun ko‘radigan bu oila bobo dunyodan o‘tgach, ro‘zg‘or tebratish shu ayol zimmasida edi. O‘ta soddadil onaxon haftada bir dona belqars, ya’ni belbog‘ tikib, uni katta bozor kuni sotar, yana belqars tikish uchun bir metr arzon atlas xarid qilib kelardi. Qolgan 3–4 so‘m pul hafta mobaynida qozon qaynatishga-yu Muhammadjonning 5–10 tiyindan maktab puliga yetib turardi.
Ro‘za kunlarining birida ko‘chamiz bolalari og‘iz ocharga yaqin uydagilardan 20–30 tiyindan olib, nisholdaga borayotgandi. Shunda kichkina Muhammadjon ham ayasiga pul va kosa berishini so‘rab, xarxasha qilib turganida rahmatli dadam kelib qoldilar. Odatlariga ko‘ra, aravalariga chiqib olgan bir gala bolalar yoniga Muhammadjonni ham mindirdilar-da, ayamga: — 2 ta kosa chiqarib ber, — dedilar. Va aravani shundoqqina qo‘shni ko‘chadagi nisholdafurushning hovlisi tomon burdilar. — Bir kosa nisholda kimni o‘ldiribdi, kelin. Bolaning ko‘ngli o‘ksimasin. O‘g‘il bolaning tomog‘i tushsa yomon bo‘ladi, — dedilar va — bola xursand bo‘lsin deymanda, bolam, — deb qo‘shib qo‘ydilar.
Muhammadjon esa kosadagi nisholdadan qo‘lchalari bilan yalab-yalab, uyiga chopqillab kirib ketdi. — Uyda nisholda bor edi-da, bobo, — dedi Oyuna. Chindan ham dahlizchadagi savatda usti yopiq salkam bir kosa nisholda turardi. Oyuna yolg‘izgina qarog‘ini hech narsaga zoriqtirmay o‘stirdi. Yemadi — yedirdi, kiymadi — kiydirdi. Ko‘zi to‘q bo‘lsin, deb har bozor kuni bir hovuchginadan bo‘lsa ham mayiz, turshak, jiyda, yong‘oq, yaltirab turadigan yuraklik novvot xarid qilar, nonxurush parvarda arimasdi dasturxondan.
…O‘sha yillari guzarimizda, qo‘ni-qo‘shnilar orasida dadamdek yoshi ulug‘lar ko‘pchilik edi. Og‘iz ochar bo‘lgandan keyin dasturxon yig‘ishtirilgach, sandalining ko‘ngirador mis lag‘lisi ustiga turli xil quruq mevalar qo‘yilardi. Bir gala bolalar, ular orasida Muhammadjon va jiyanim Alisher ham bo‘lardi, shu uyga baraka “Ramazon” aytib, topib-tutganlarini o‘rtada baham ko‘rishgach, chug‘urlashib uyuyiga, tepa-to‘yiga deb tarqalayotganlarida ba’zi kichkintoylarning: — Bobo, qo‘rqamiz, — degan gaplariga dadamning: — Yog‘ yalab, yalang‘och yotaveringlar, qani birorta qush uchib o‘tsinchi, — degan gaplari yosh bolachalar tugul, yon-atrof qo‘shni hovlidagilarga ham dalda bo‘lardi.
Biz o‘shanda saksondan oshib ketgan boboning qo‘lidan nima ham keladi, deb o‘ylamas edik. Otadan olti oylik qolgan Muhammadjon Allohning karami ila bugun oilali, turmush o‘rtog‘i Aziza bilan ikki o‘g‘ilni voyaga yetkazdi. Hozir kelinlik, qo`sh nabirali bo‘lib yurishibdi.
Meni xursand qiladigan tomoni — Muhammadjon onasining ko‘zi tirikligida o‘zini tutib olgani. U yoshligidan besar yurmadi. Maktabda yaxshi o‘qidi. O‘lmas kasb — duradgorlikka mehr qo‘ydi. Hayot chig‘iriqlaridan eson-omon o‘tib, onasi keksaygan chog‘ida nimaiki topsa, og‘ziga tutdi.
Rahmatli Muazzam ona — Oyuna har gal duoga qo‘l ochganida farzandlarini alqarkan, Allohdan: “Dunyomiz tinch bo‘lsin, bolalarimga sochim sayin uzoq umr ber, o‘zlari tepalab ko‘msin”, — derdi. Shunda ikkinchi nabirasi izillab yig‘lab: — Unajon, unday demang, biz sizni tepmaymiz, yaxshi ko‘ramiz, — deb turib olardi kichikligida. Bolacha ko‘ngli “tepalash” so‘zini rost ma’noda tushunganda.
Ona amri — vojib, deydilar. Farzand-u nabiralarning tashvishlari hech qachon malol kelmagan onaizor hamisha qabriga zurriyotlari qo‘lidan kaftdekkina tuproq tushishini Allohdan so‘rardi. Mehribon Alloh uning pok niyatiga yetkazdi…
Fazilat ABDULLAYEVA. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.









