KATTAQO‘RG‘ONDA SUV TA’MINOTI TIZIMI YANGILANMOQDA: “MURTAK” SUV INSHOOTIDA DASTLABKI SUV NAMUNASI CHIQARILDI

Aholini toza ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlash, suv ta’minoti tizimining ishonchliligini oshirish hamda oqova suvlarni samarali tozalash infratuzilmasini modernizatsiya qilish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Shu maqsadda Kattaqo‘rg‘on shahrida xalqaro moliya institutlari ishtirokida keng ko‘lamli investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-martdagi PQ–159-sonli qarori asosida hayotga tatbiq etilayotgan loyiha shahar ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish, mavjud infratuzilmani yangilash hamda aholi uchun suv ta’minoti sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan.

Loyiha doirasida “Murtak” va “Ko‘rpa” suv inshootlarida qo‘shimcha suv havzalari qurish, yangi tarmoqlar tortish, suv quduqlarini qazish, mavjud inshootlarni ta’mirlash va modernizatsiya qilish ishlari bajarildi. Shuningdek, “Ingichka–Sepki” suv tarmog‘ida ham qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Ayni paytda “Boynazar” oqova suvlarni tozalash inshooti to‘liq rekonstruksiya qilinmoqda.

“Murtak” suv inshootida muhim bosqich

Kuni kecha Kattaqo‘rg‘on shahriga tashrif buyurgan Jahon banki vakillari va ekspertlari, “Samarqand Suv ta’minoti” MChJ mas’ullari, mutaxassislar hamda nuroniylar shahar hokimi Gavhar Alimova hamrohligida “Murtak” suv inshootida bo‘lishdi.

Tashrif davomida mehmonlar loyiha doirasida amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlari, barpo etilgan maxsus inshootlar va yangilangan infratuzilma bilan yaqindan tanishdilar. Jahon banki vakillari bajarilgan ishlar belgilangan me’yor va talablarga muvofiq olib borilganini qayd etdilar.

Tashrifning eng muhim voqealaridan biri — “Murtak” suv inshootidagi suv qudug‘ini sinovdan o‘tkazish jarayoni bo‘ldi. Jahon banki vakillari, loyiha menejeri, nuroniylar va soha mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan sinov davomida quduqdan dastlabki suv namunasi chiqarildi.

Bu jarayon loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning muhim amaliy bosqichlaridan biri bo‘lib, suv ta’minoti infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarning natijalarini namoyon etadi.

Asosiy maqsad — aholi farovonligi va barqaror suv ta’minoti

Mazkur investitsiyaviy loyihaning izchil amalga oshirilishi Kattaqo‘rg‘on shahrida ichimlik suvi ta’minoti tizimining imkoniyatlarini kengaytirish, mavjud tarmoqlarning samaradorligini oshirish va oqova suvlarni tozalash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu kabi infratuzilmaviy yangilanishlar aholining kundalik hayotida muhim o‘rin tutadigan ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, sanitariya-gigiyena sharoitlarini mustahkamlash hamda shahar hududining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratadi.

Kattaqo‘rg‘onda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha — zamonaviy infratuzilma, xalqaro hamkorlik va aholi manfaatlariga qaratilgan amaliy ishlarning muhim namunasidir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan