TIBBIYOT SOHASIDAGI XIZMATLAR SIFATI OSHIRILADI
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi «Tibbiyot sohasida ko’rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi PQ-170-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qarordan ko’zlangan asosiy maqsad — aholiga ko’rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha tibbiyot tashkilotlari faoliyati ustidan yagona talablar va standartlar asosida samarali nazoratni ta’minlashdir.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab sohada quyidagi muhim o’zgarishlar joriy etiladi.
Sog’liqni saqlash vazirligi huzuridagi «Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi» davlat muassasasi tibbiy faoliyatni litsenziyalash bo’yicha ishchi organ sifatida vazirlik nomidan litsenziya beradi va ushbu sohadagi boshqa barcha funksiyalarni amalga oshiradi.
Tibbiyot tashkilotlarida tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish bo’yicha alohida tuzilma faoliyatini yo’lga qo’yish litsenziyaning majburiy talab va sharti etib belgilanadi.
Tibbiy faoliyatni litsenziyalash talablariga rioya qilinishi va xizmat sifatini tekshirish jarayoni boshlangandan so’ng 24 soat ichida «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro’yxatga olish orqali Biznes-ombudsman xabardor qilinadi.
Nazorat qiluvchi organga nisbatan ilgari tekshirilgan faoliyat davri, predmeti va obyekti bo’yicha qayta tekshiruv o’tkazilmasligiga oid cheklovlar qo’llanilmaydi.
O’tkaziladigan profilaktika tadbirlari tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarni bevosita ko’zdan kechirish orqali amalga oshirilishi mumkin.
Tibbiyot tashkilotlarini milliy akkreditatsiyadan o’tkazish vakolati belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o’tgan tibbiyot sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlariga ham beriladi.
E. SAG’DULLAYEV






