XALQCHIL VA ADOLATLI TIZIM SARI

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgustdagi «Odil sudlov — 2030: Yangi O’zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to’g’risida»gi Farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini belgilab bergan muhim hujjat hisoblanadi.

Mazkur Farmon bilan sud tizimini 2030-yilga qadar rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlari belgilab berilib, sudlarni fuqarolarga yanada yaqinlashtirish, sudyalar mustaqilligini mustahkamlash, sud qarorlarining sifatini oshirish va odil sudlovni raqamlashtirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Strategiyaning markazida inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali samarali himoya qilish g’oyasi turadi.

Strategiya sud tizimini rivojlantirishning oltita asosiy ustunini belgilaydi. Bular — «Xalqchil sud», «Adolat qo’rg’oni», «Kafolatlangan adolat», «Adolat posbonlari», «Raqamli odil sudlov» va «Xalqaro e’tirof» yo’nalishlaridir.

«Xalqchil sud» tamoyili ostida sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini oshirish, murojaat qilishni soddalashtirish va sud binolarida «yagona darcha» tizimini joriy etish nazarda tutilgan. Odil sudlovni ta’minlashda sudyaning mustaqilligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

«Kafolatlangan adolat» yo’nalishi doirasida sud qarorlarining qonuniyligi, adolatliligi va mutanosibligini ta’minlash muhim vazifa qilib qo’yildi. Yagona sud amaliyotini shakllantirish uchun «Pretsedentlar» reestri joriy etilib, turli hududlarda bir xil huquqiy munosabatlarga turlicha yondashuvlarning oldi olinadi.

«Raqamli odil sudlov» doirasida elektron sud xizmatlarini rivojlantirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish maqsad qilingan. Bunda sun’iy intellekt sudyaning o’rnini bosmaydi, balki ma’lumotlarni tahlil qilishda ko’makchi vosita bo’ladi, yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyati esa sudyaning o’zida saqlanadi.

Eng muhimi, mazkur Strategiya sud faoliyatini baholashda «qancha ish ko’rildi?» degan savoldan «insonning buzilgan huquqi qanchalik samarali tiklandi?» degan bosh mezonga o’tishni nazarda tutadi.

O’. MAMADALIYEV,
jinoyat ishlari bo’yicha shahar sudi raisi.
M. XAKIMOV,
jinoyat ishlari bo’yicha shahar sudi tergov sudyasi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan