Xitoylik investorlar bilan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi
Bugun Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligida Xitoy Xalq Respublikasining Guangzhou Wecarbon Technology Co., Ltd kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
🇺🇿Uchrashuvda shahar hokimi Gavhar Alimova, viloyat hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i Xurshidbek Samiev hamda sohaga mas’ul mutasaddi rahbarlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida shaharda ekologik barqarorlikni ta’minlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. Xususan, chiqindi suvlarni tozalash, yog‘ mahsulotlarini filtrlash va ularni qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy etish, shu orqali atrof-muhit muhofazasi, resurslardan samarali foydalanish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari xususida fikr almashdilar.
Shuningdek, uchrashuv davomida xitoylik investorlarga Kattaqo‘rg‘on shahrining iqtisodiy va investitsiya salohiyati, tadbirkorlik uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.








