“SOG‘LOM VA BARKAMOL AVLOD KELAJAGIMIZ POYDEVORI” GRANT LOYIHASI. BOTULIZMDAN EHTIYOT BO‘LING!
Botulizm kasalligi- botulizm bakteriyalari va ularning toksinlari (zaharlari) natijasida yuzaga keladigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, asosan markaziy nerv sistemasining shikastlanishi belgilari bilan namoyon bo‘ladi.
Botulizm bilan kasallanish holatlarining ko‘pi uyda konservalangan mahsulotlarqo‘ziqorinlar, sabzavotlar, baliqlar va boshqalarni iste’mol qilish bilan bog‘liq. Bir guruh kishilarda botulizm kasalligining bir vaqtda uchrashi botulizm bilan zararlangan mahsulotning bir necha kishilar tomonidan iste’mol qilinishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Botulotoksin bilan ifloslangan mahsulotni iste’mol qilgandan so‘ng kasallikni yashirin davri(belgilarsiz) boshlanadi. Bu davr odatda 6 soatdan 6 kungacha davom etishi mumkin. Kasallik to‘satdan boshlanadi. Kasallikning birinchi kunida oshqozon sohasida og‘riq, ko‘ngil aynishi, qayt qilish va ich ketish holatlari kuzatiladi. Ikkinchi kunidan bemorlarda ich qotishi, bosh og‘rig‘a va aylanishi, og‘iz qurishi yuzaga keladi. Yurak qon-tomir sistemasida o‘zgarishlar kuzatiladi. Kasallik yakunida nafas olish funksiyasi buziladi. Botulizmning og‘ir shakllarida nafas olishning falajlanishi tufayli o‘lim kuzatiladi. Kasallikni oldini olishda sabzavotli, baliqli va go‘shtli yarim tayyor mahsulotlarni tayyorlash, tashish, saqlashni sanitar nazorat qilish hamda mahsulotlarni konservalash rejimiga ayniqsa, uy sharoitida rioya qilish muhim ahamiyatga ega. Uy sharoitida sabzavotlardan konservalar tayyorlaganda konservani suyuq qismi solinganda bankani qopqog‘igacha to‘ldirmaslik (havoli muhitni saqlash), chunki botulizm bakteriyalari havosiz muhitda toksin ajratadi. Aholi orasida mahsulotlarni uy sharoitida konservalash qoidalari haqida tushuntirish ishlarini olib borish lozim. Konservalarni iste’mol qilishdan oldin tekshirish, bombajli(qopqog‘i ko‘tarilgan) bankalarni esa yo‘q qilish zarur. Kasallangan kishilar bilan ovqat iste’mol qilganlarning barchasiga profilaktika maqsadida botulizmga qarshi zardob yuboriladi.
Shahzoda MURODOVA, Orasta INAZAROVA, Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi o‘qituvchilari.