USTOZLARGA EHTIROM — YUKSAK E’TIBOR IFODASI
1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida ustozlarning sharafli va mas’uliyatli mehnatiga ehtirom ko‘rsatish maqsadida “Ustozga ehtirom” nomli bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova, institut rektori Sherzod Urakov, professor-o‘qituvchilar hamda institut xodimlari ishtirok etdilar.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan shahar hokimi barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etib, ularning bilim va tajribasini yoshlarga yetkazish yo‘lidagi fidokorona mehnatini alohida e’tirof etdi. Ta’kidlanganidek, ustoz — nafaqat bilim beruvchi, balki yosh avlod qalbiga ezgulik, vatanparvarlik, insonparvarlik va yuksak maqsadlarni singdiruvchi ulug‘ kasb egasidir. Bugungi yoshlarning kelajakda munosib mutaxassis va barkamol inson bo‘lib shakllanishida ustozlarning mehnati beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida ta’lim sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ustozlar institut rektorining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bayram tadbiri talabalar tomonidan ustoz va murabbiylarga bag‘ishlab ijro etilgan dilbar kuy-qo‘shiqlar bilan yanada fayzli va ko‘tarinki ruhda davom etdi.






