XUSUSIYLASHTIRISH VA DAVLAT MULKINI IJARAGA OLISHDA YANGI IMTIYOZLAR HAMDA HUQUQIY MEXANIZMLAR JORIY ETILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan, shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish va tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-son Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmon bilan davlat aktivlari hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olish tartibida muayyan yengilliklar joriy etilmoqda. Eng asosiy jihati shundaki, xaridorlarning bir yo‘la katta miqdorda mablag‘ to‘lash imkoniyati bilan bir qatorda, to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish mexanizmlari ham kengaytirilmoqda.

Bunda asosiy maqsad xaridor uchun moliyaviy imkoniyatlarning kengaytirilganidir. Davlat aktivlari yoki qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olayotganda xaridor dastlab 15 foiz miqdoridagi avans to‘lovini 30 kalendar kun ichida amalga oshiradi. Shundan keyin qolgan summani qonunchilikda belgilangan muddatlar doirasida foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud bo‘ladi. Bu mexanizmning amaliy ahamiyati shundaki, tadbirkor davlat aktivini sotib olish uchun zarur mablag‘ning barchasini birdaniga shakllantirishi shart bo‘lmaydi. Shu orqali xaridorning moliyaviy yuklamasi kamayadi va obyektni iqtisodiy faoliyatga jalb qilish imkoniyati kengayadi.

E’tiborli jihati shundaki, Farmonda yirik qiymatdagi obyektlarni sotib olish bo‘yicha bir nechta aniq to‘lov mexanizmlari belgilangan.

Jumladan, davlat aktivlari bazaviy hisoblash miqdorining 23 000 baravaridan yuqori, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari esa bazaviy hisoblash miqdorining 8 000 baravaridan yuqori qiymatda elektron onlayn auksion, tender yoki birja savdolari orqali sotilganda, xaridorga uchta asosiy imkoniyat beriladi:

Birinchi imkoniyat — xaridor jami to‘lovning 100 foizini 6 oy ichida amalga oshirsa, xaridning umumiy summasiga 25 foiz chegirma qo‘llanadi;

Ikkinchi imkoniyat — xaridor to‘lovning 50 foizini 6 oy ichida amalga oshirsa, qolgan summani foizsiz 7 yil davomida to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi;

Uchinchi imkoniyat esa — xaridor 35 foiz to‘lovni 3 oy ichida amalga oshirgan taqdirda, qolgan summani foizsiz 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin.

Demak, bu yerda xaridorning moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib, bir nechta aniq va qonuniy to‘lov variantlari yaratilmoqda.

Mazkur Farmonda davlat aktivini sotib olayotgan shaxsning obyektni rivojlantirish va undan samarali foydalanishi uchun ham imkoniyatlar kengaytirilgan.

Xususan, davlat aktivi uchun belgilangan to‘lovning kamida 50 foizini amalga oshirgan xaridor ushbu obyektni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, shu jumladan, yangi qurilish uchun buzish huquqiga ega bo‘ladi.

Bu yerda muhim jihat shundaki, tadbirkor to‘lov to‘liq yakunlanishini kutib o‘tirmasdan, belgilangan shartlarga rioya qilgan holda obyektni rivojlantirishga kirishishi mumkin.

Amaliy jihatdan qaraydigan bo‘lsak, bu imkoniyat davlat aktivlaridan samarali foydalanish, ularni zamonaviylashtirish va yangi iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha sharoit yaratadi.

Shuningdek, amaliyotda ayrim davlat aktivlari savdoga chiqarilganiga qaramay, xaridor topilmasligi yoki mavjud narxda talab shakllanmasligi mumkin. Shu sababli Farmonda bunday obyektlarni qayta savdoga chiqarishning aniq mexanizmlari ham belgilandi.

Agar davlat aktivi ochiq elektron onlayn auksion yoki birja savdolarida 3 oy davomida sotilmasa, uning boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha pasaytiriladi.

Bu yerda yana bir muhim jihat bor: narxni pasaytirishda aktivning qoldiq balans qiymati yoki sof aktivlari miqdori cheklov sifatida olinmaydi. Ya’ni obyektga talab bo‘lmasa, uni avvalgi qiymatda uzoq vaqt davomida savdoda ushlab turish o‘rniga, bozor talabiga mos ravishda qayta baholash mexanizmi ishlatiladi.

Agar davlat aktivi 2 oy davomida sotilmasa, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ushbu aktivni alohida lotlarga bo‘lish yoki boshqa aktivlar bilan birlashtirish va qayta savdoga chiqarish vakolati beriladi.

Bu mexanizm ham amaliy jihatdan muhim. Chunki ayrim hollarda katta yoki murakkab tarkibdagi obyektni yaxlit holda sotish qiyin bo‘lishi mumkin. Uni alohida lotlarga ajratish esa turli xaridorlarning qiziqishini oshirishi mumkin. Aksincha, iqtisodiy jihatdan bir-biri bilan bog‘liq obyektlarni birlashtirish orqali ularni yagona loyiha sifatida taklif etish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Umuman olganda, mazkur huquqiy mexanizmlar bir nechta vazifani bir vaqtning o‘zida hal etishga qaratilgan:

Birinchidan, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonini jadallashtirish ko‘zda tutilmoqda;

Ikkinchidan, tadbirkorlar uchun davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olishda moliyaviy imkoniyatlar kengaytirilmoqda. Bunda 15 foizlik avans, foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash, 25 foizlik chegirma, 7 yil va 5 yilgacha bo‘lgan to‘lov muddatlari kabi mexanizmlar muhim ahamiyatga ega;

Uchinchidan, aktiv uchun kamida 50 foiz to‘lovni amalga oshirgan xaridorga uni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash yoki yangi qurilish uchun buzish huquqining berilishi obyektlardan tezroq va samaraliroq foydalanish imkonini yaratadi;

To‘rtinchidan, uzoq vaqt davomida sotilmayotgan davlat aktivlarini qayta savdoga chiqarish tartibi soddalashtirilmoqda. Jumladan, 3 oy davomida sotilmagan aktivlarning boshlang‘ich narxini 10 foizgacha bosqichma-bosqich pasaytirish, shuningdek, 2 oy davomida sotilmagan aktivlarni lotlarga bo‘lish yoki boshqa aktivlar bilan birlashtirib qayta savdoga chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, mazkur Farmonda asosiy e’tibor davlat aktivlarini shunchaki sotishga emas, balki ularni iqtisodiy muomalaga tezroq kiritish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va tadbirkorlar uchun aniq huquqiy hamda moliyaviy mexanizmlarni yaratishga qaratilgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, tadbirkorlar uchun ham to‘lov, ham sotib olingan obyektni rivojlantirish, ham sotilmayotgan aktivlarni bozorga moslashtirish bo‘yicha imkoniyatlar kengaymoqda.

Eng muhimi, ushbu o‘zgarishlarning har biri aniq muddat va shartlar bilan bog‘langan. Shuning uchun tadbirkorlar davlat aktivini sotib olishda aynan qaysi to‘lov mexanizmidan foydalanishi, belgilangan muddatlarga rioya qilishi va obyekt bo‘yicha berilgan huquqlardan qonunchilik talablari asosida foydalanishi muhim.

Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi – Islomov Bekzod Bektosh o‘g‘li.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan