INSON QADRI VA MULOQOT: VILOYAT MAS’ULLARI KATTAQO‘RG‘ONDA AHOLI MUAMMOLARINI O‘RGANDI

Mamlakatimizda aholining murojaatlarini eshitish, ularga yechim topish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Xususan, joylarda muntazam tashkil etilayotgan sayyor qabullar aholi va rahbarlar o‘rtasida manzilli va shaffof muloqotni ta’minlab, muammolarni ijobiy hal etishda muhim va samarali maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ana shunday xayrli va amaliy tadbirlarning davomi sifatida Kattaqo‘rg‘on shahar Madaniyat saroyida navbatdagi ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi, viloyat sudi, viloyat prokuraturasi va Ichki ishlar boshqarmasi mas’ul rahbarlari, shahar hokimi Gavhar Alimova hamda viloyat va shahardagi tegishli korxona-tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan muloqotda Kattaqo‘rg‘on shahar hamda Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Narpay tumanlaridan 60 ga yaqin fuqarolar o‘zlarini qiynab kelayotgan turli sohalardagi murojaatlari bilan qatnashdilar. Kelib tushgan murojaatlarni sohalar bo‘yicha oladigan bo‘lsak mulkni noqonuniy egallash, shartnomaviy majburiyatlar va moliyaviy-huquqiy nizolar, vasiylik va homiylik tayinlash, aliment undirish, bandlik hamda ta’lim muassasalariga joylashtirish, elektr ta’minoti sifatini yaxshilash, ichki yo‘llarni asfaltlash, maktabgacha va maktab ta’limi obyektlari qurilishi va ta’miri, uy-joylarni hujjatlashtirish hamda tadbirkorlik faoliyatidagi huquqiy va moliyaviy masalalarni o‘z ichiga oldi.
Qabul jarayonida bildirilgan murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy yechim topdi. Huquqiy tushuntirish talab etilgan masalalarga atroflicha javob berilgan bo‘lsa, qo‘shimcha muddat va o‘rganish talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha tegishli mas’ullarga ijro uchun aniq topshiriqlar berildi. Barcha murojaatlarning sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishi viloyat Xalq qabulxonasi tomonidan alohida nazoratga olindi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan