Mahallalarda obodonlashtirish va tizimli ish tashkil etish masalalari tanqidiy muhokama qilindi
Kuni kecha shahar hokimi Gavhar Alimova rahbarligida Prezidentimizning 2026 yil 5 yanvardagi PQ-1-sonli qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek shahar hokimligining tegishli farmoyishida belgilangan vazifalar bajarilishi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda tashkil etilgan yig‘ilishda mahallalarda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari, aholi bilan ishlash tizimi hamda “mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda Ishchi guruh tomonidan 5 ta mahalla kesimida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilinib, hududlarda xavfsiz muhit yaratish, aholi turmush sharoitini yaxshilash, bandlikni ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilalar tinchligini mustahkamlash hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish borasidagi ishlar tahlil qilindi. Shu bilan birga, ayrim mahallalarda ishlar samarali yo‘lga qo‘yilgani alohida e’tirof etildi. Mahalla yettiligi faoliyatidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida amaliy seminarlar tashkil etish belgilandi.
Muhokama yig‘ilishi davomida mutasaddilar va mahalla yettiligi rahbarlariga qator aniq vazifalar yuklatildi. Jumladan:
— har bir yettilikning kunlik, haftalik va choraklik ish rejasi bo‘lishi;
— mahalla va ko‘chalarda shtablar tashkil qilinishi;
— yettiliklar faoliyati bo‘yicha doimiy monitoring yo‘lga qo‘yilishi;
— har bir yettilik tomonidan aholi muammolarini hal etish bo‘yicha amaliy natijalarga erishilishi lozimligi ta’kidlandi.Shuningdek, hududlarda obodonlashtirish ishlarini talab darajasida tashkil etmagan, o‘z vazifasiga mas’uliyatsiz yondashgan ayrim mahalla raislariga nisbatan xayfsan va ogohlantirishlar berildi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish va har bir mahallada tizimli, samarali ish tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.










