KORRUPSIYAGA QARSHI IMMUNITET — USTUVOR VAZIFA

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi ishchi guruhning Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tashrif davomidagi samimiy suhbatda shahar hokimi Gavhar Alimova mazkur oliy ta’lim muassasasining tashkil etilishi nafaqat Kattaqo‘rg‘on, balki qo‘shni tumanlar yoshlari uchun ham keng imkoniyatlar eshigini ochganini alohida ta’kidladi. Ushbu institutning faoliyati hududda intellektual salohiyatni yuksaltirish, pedagog kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.

Institut rektori Sh. Urakov oliygohda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, talabalarning respublika va xalqaro miqyosdagi yutuqlari, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlari hamda xorijiy hamkorlik aloqalarining kengayib borayotgani haqida ma’lumot berdi.

Senat raisi o‘z so‘zida yoshlar ongida korrupsiyaga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Halollik, adolat, vijdonlilik kabi yuksak insoniy fazilatlarni ta’lim jarayonining barcha bosqichlariga chuqur singdirish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish va reproduktiv salomatlikni mustahkamlash bo‘yicha yagona metodologiya ishlab chiqish, uni uzluksiz ta’lim tizimiga samarali joriy etish yuzasidan aniq vazifa va topshiriqlar belgilab berildi.

Mazkur tashrif hududda ta’lim sifatini oshirish, yoshlar ma’naviyati va huquqiy ongini yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yana bir bor namoyon etdi.

J. NOSIROV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan