“Daryo”da Oliy sud maʼlumoti asosida mast holda transport boshqarish bo‘yicha eng ko‘p holatlar Samarqand viloyatida qayd etilgani haqida xabar eʼlon qilingandi. Samarqand viloyat IIB axborot xizmati rahbari Jahongir Sagdullayev mazkur holatga munosabat bildirib, viloyatda mast haydovchilarning ko‘pligini izohladi.

“To‘g‘ri, statistika bu — fakt. Biroq ikkinchi jihati ham bor. Respublikada avtomashinalar soni, aholi soni eng ko‘p hudud Samarqand. Poytaxtdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Biroq, bu asosiy va muhim omil emas. Samarqandda har kuni mast haydovchilarni aniqlash bo‘yicha shiddatli reydlar bo‘ladi. Boshqarma boshlig‘i Rahmatjon Toshnazarovich topshirig‘iga asosan YHXB mastlarni aniqlash bo‘yicha qattiq ishlanadi. Shuningdek, Samarqand chorrahadagi sivilizatsiya markazi hisoblanadi. Ko‘pchilik dam olishga kelib, tunning ikkinchi yarmigacha o‘tirib, spirtli ichimliklar ichib, afsuski avtomobil boshqaruviga o‘tiradi”, — deydi Jahongir Sagdullayev bunga izoh berar ekan.

Masʼulning yozishicha, viloyatdagi ayrim fuqarolarda masʼuliyat va javobgarlik hissining pastligi ham bu statisikada viloyat peshqadam ekanligiga sabab bo‘ladi.

“Bunga sabablardan yana biri ayrim fuqarolarda masʼuliyat va javobgarlik hissining pastligi hamdir. Nafaqat oddiy fuqarolar, balki davlat idoralari xizmatchilari ham, — deydi u.

Viloyat IIB axborot xizmati rahbari viloyatda mast haydovchilar ko‘payishida IIB xodimlarining ham aybi borligini tan olgan.

“Bunda albatta, biz IIB xodimlarining ham aybimiz bor. Ichib tushganga umuman yengillik berish kerak emas. Targ‘ibot va bu boradagi profilaktikani kuchaytirishimiz kerak. Haydovchining ichib rulga o‘tirishga vijdoni va qo‘rquvi yo‘l qo‘ymasligigacha ishlashimiz kerak. OAVdan kengroq foydalanishimiz lozim. Nima bo‘lganda ham, inson hayoti muqaddas. Spirtli ichimlik ichib mashina haydaganlar yana-da ko‘proq aniqlanib, ayovsiz jazolanishi kerak. Toki, bu qilmishni boshqa takrorlashga jazm qilishmasin”, — deydi Jahongir Sagdullayev.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan