Kattaqo‘rg‘on shahrida energiya samaradorligi bo‘yicha subsidiya va kompensatsiyalar muhokama qilindi
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligida aholi va tadbirkorlik subyektlariga energiya samarador qurilmalarni joriy etishda ajratiladigan subsidiya va kompensatsiyalar, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Saidmurod To‘lashev, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi o‘rinbosari Murodulla Zavqiyev, Energiya samaradorligi milliy agentligining Samarqand viloyati ofisi rahbari Umidjon Nazarov, shahardagi hokim yordamchilari hamda tegishli tashkilotlar mas’ullari qatnashdi.
Yig‘ilishda aholi o‘rtasida energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, energiya samarador qurilmalar uchun ajratiladigan subsidiya va kompensatsiyalardan samarali foydalanish tartibi, shuningdek, hokim yordamchilarining bu boradagi vazifalari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar berilib, mahallalarda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy vazifalar belgilab olindi.









