Biz kattaqo‘rg‘onliklar, she’rda nomlari tilga olingan o‘zbek mumtoz adabiyotida o‘z o‘rniga ega salaflarimiz va undan keyingi davrda yashab ijod qilgan qator ijodkor hamshaharlarimiz: Abdulhamid Majidiy, Mamarasul Boboyev, Toshpo‘lot Sa’diy, Karomatilla Ubaydullayev, Xolis-Sharof Qobulov, Rahimjon Sattorov, Yazdon Xudoyqulov, Samariddin Sirojiddinov, Isomiddin Salohiddinov, Mardi Nuriddinov, Maslahiddin Salohiddinov, Qambar O‘tayev, Boboyor Hamdamov va Kattaqo‘rg‘on faxr va iftixori bo‘lgan atoqli rejissyor, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev hamda zabardast va fidoyi jurnalistlar: Malik Elmurodov, Abduaziz Hoshimov, Nafas Do‘sanov, Muhammadali Ergashev va Azim Qodirovlarning porloq xotirasini yod etamiz. Va bugungi kunda nazmda barakali ijod qilayotgan Erkatosh Shukurova, Fazilat Abdullayeva, Ruxsora Allayorovalarning nomlarini faxr bilan tilga olamiz.
Shu bilan birga Kattaqo‘rg‘on shahar tarixida nomi qolgan – ish faoliyatini eng mo‘tabar kasb – o‘qituvchilikdan boshlab, maorif bo‘limi mudiri, shahar ijroya qo‘mitasi raisi darajasiga yetgan, yana she’riyatda, qolaversa, aruzda go‘zal g‘azallar bitgan Nizomiddin Zokirovni ham tilga olishni joiz deb bilamiz.
Nizomiddin Zokirov o‘z vaqtida bitgan va keyinchalik nashr qilingan “Kechikkan kitob”ga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik yozgan so‘z boshida “Men bu tabarruk zot haqida Samarqand, xususan, Kattaqo‘rg‘on ziyolilaridan ko‘p ibratli gaplar eshitgan edim, “She’rlar ham yozib turar edi”, deganlarida ko‘p ham e’tibor qilmagan edim. Chunki havasga she’r yozuvchilar ko‘p.
Kitobda dastlab diqqatni tortadigan narsa yosh yigitchaning aruz vaznida go‘zal g‘azallar yozish qobiliyatining yorqin namoyon bo‘lganligi. Aruz vaznida yozish bir murakkablik bo‘lsa, muxammas yozmoqlik bu sohada g‘oyat o‘tkir salohiyatni talab etadi. Yosh shoirning yana bir fazilati – so‘z boyligi, so‘zning ta’sirchanligini his qila olishi va o‘z o‘rnida foydalana olishi. Buni zargarning nozik ishlariga qiyoslash mumkin, adabiyotda bu hol “nuktadonlik” deyiladi…”, deya shoirning qobiliyatiga yuksak baho berilgan.
Bejizga xalq orasida “Ota-ona farzandiga andoza”, “Olmaning tagiga olma tushadi” deyilmaydi. Ota-ona farzandlari oldida eng oliy namuna bo‘lib qolaveradi. Shunday ham bo‘ldi. Nizomiddin Zokirovning farzandi Behzod Zokirov navqiron yoshida olamdan o‘tgan otasi ishining davomchisi bo‘lib yetishdi.
Behzod Zokirov tinib-tinchimaydigan, yangilik qilishdan charchamaydigan, erishilgan muvaffaqiyatlar bilan cheklanib qolmaydigan, yana va yana yangi rejalar bilan yashaydigan odam edi. Viloyat yoshlari rahbari, Kattaqo‘rg‘on shahrining birinchi hokimi bo‘lgan Behzod akaning ma’rifatparvarlik yo‘lidagi ilk ishlaridan biri 1994-yilda nashr qildirilgan tug‘ilib o‘sgan shahri tarixi haqidagi “Kattaqo‘rg‘on: kecha va bugun” nomli kitobni nashr ettirish bo‘ldi.
Kitobning kirish qismida shahar hokimi Zokirov shunday yozadi: “Kattaqo‘rg‘on tarixini yaratish borasida bundan avval ham bir necha bor urinishlar bo‘lgan, ana shu urinishlar natijasi o‘laroq vaqtli matbuot sahifalarida Kattaqo‘rg‘on tarixiga oid o‘nlab maqolalar bosildi. Shuningdek, I. Bekmurodovning “Kattaqo‘rg‘onning qisqacha tarixi” nomli risolasi o‘quvchilar qo‘liga tushdi.
Biroq bu katta va murakkab ishning boshlanishi edi, xolos. Negaki, e’lon qilingan ishlarda to‘laqonlilik yetishmas, ayrim ma’lumotlarni izohlashda yakdillik ko‘rinmas, shahar va atrof tumanlar o‘tmishi bilan bog‘liq talaygina voqealar batafsil yoritilmagandi. Mazkur noaniqliklarni bartaraf etish, tarixni mufassalroq yoritish maqsadida bir guruh olim-u fozillar, o‘z sohasining bilimdonlari jalb etildi. Kitobni yaratishda ayniqsa Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat dorilfununi filologiya kulliyoti hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi arxeologiya ilmiy-tadqiqot institutining nufuzli olimlari yordam qo‘lini cho‘zdilar”. Xulosa qilib aytganda, Behzod Zokirov sa’y-harakati bilan kattaqo‘rg‘onning birmuncha to‘liq tarixi haqida ilmiy asoslangan manbalarga tayanilgan tarixi haqidagi kitob dunyo yuzini ko‘rdi.
Hokim Behzod Zokirov tashabbusi bilan shaharning “Yermachit” MFYdagi tashlandiq holatiga kelib qolgan bino hashar yo‘li bilan ta’mirlanib, So‘fi Olloyor nomidagi iqtidorli o‘quvchilar gimnaziyasi ish boshladi, “Kattaqo‘rg‘on” kinoteatri ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. “Kattaqo‘rg‘on tongi”gazetasi chop etila boshlandi. Kattaqo‘rg‘onda yashab ijod qilgan shoir va olimlarning, jumladan, atoqli shoir Mamarasul Boboyevning yubileyi o‘tkazildi. Ko‘pgina iqtidorli yosh kadrlar rahbarlik lavozimlariga ko‘tarildi.
Behzod Zokirov shahri hokimi lavozimida ishlagan davrda aholi o‘rtasida tadbirkorlik harakatining endigina boshlanayotgan edi. Shu sabab, huzuriga ishsiz yoshlarni choralab, tadbirkorlikni boshlashlari uchun amaliy yordam ko‘rsatar, iqtidorli va salohiyati yuksak yoshlarni qadrlab, xizmat pillapoyasida ko‘tarilishiga va ko‘maklashar va har bir murojaat qilgan shaxsni diqqat bilan eshitib, albatta, ishini ijobiy hal qilardi.
Shaxsan men “Kattaqo‘rg‘on tongi” gazetasida ish boshlagan vaqtimda, shaharga biror bir sabab bilan kelganida uchrashib, o‘zining qimmatli maslahatlarini ayamasdi.
B. Zokirov Samarqand shahrida ham talaygina bunyodkorlik ishlarni amalga oshirdi. “Noshir luks” MCHJ bosmaxonasini tashkil qildi. O‘zbekistonda ilk bor ochilgan xususiy televideniyening tashabbuskori, muassisi bo‘ldi, “Darakchi” nomli ilk xususiy gazetani ochdi, “Erudit” ijodiy markazi uchun alohida binolar qurdirdi va o‘zbek va rus tillarida chop qilinadigan “Erudit”, “Bekajon”, “Erudit-sport”, “Ledi”, “A’lo kayfiyat” kabi o‘ndan ortiq gazeta va jurnallar tahririyatlari uchun alohida sharoitlar yaratib berdi.
Samarqandda ilk bor daftar chiqaradigan korxona va tikuvchilik sexi ochib, ikki yuzdan ortiq xotin-qizlarni ish bilan ta’minladi.
Bekzod Zokirov taniqli ijodkorlarni tahririyat ishiga jalb qildi. Xususan, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik umrining oxirigacha “Bekajon” gazetasiga bosh muharrirlik qildi. O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Tursunoy Sodiqovalar Samarqanddagi ijodiy markazning “Mahorat maktabi”ga jalb qilindi. B. Zokirov muassis bo‘lgan gazetalar ishiga ustoz jurnalist Nusrat Rahmat, shoirlar Muhammad Ismoil va Zebo Mirzayevalar faol ishtirok etdilar. Shuningdek, Behzod Zokirov rahbarligida Abror Zohidov, Azamat Qorjovov, Isoqjon Nishonov kabi ko‘plab ijodkorlar faoliyat ko‘rsatib, elga tanildi. Baxtiniso Mahmudova, Iroda Umarova, Umid Ali kabi ko‘plab yosh shoir va yozuvchilarning ilk mashqlari “Erudit” ijodiy markazi nashrlarida chop qilingan.
Yuqoridagi ishlar bilan shunchalik band bo‘lishiga qaramay o‘zi tug‘ilib o‘sgan shahri kattaqo‘rg‘onni sira esidan chiqarmadi. Shahar hokimi va faollar hamda yoshlar bilan tez-tez uchrashib, o‘zining shahrimiz ravnaqiga turtki bo‘ladigan maslahatlarini berib turdi.
Koronavirus pandemiyasi davrida shahardagi muhtoj oilalarning oziq-ovqat va dori darmonlar bilan ta’minlanishiga salmoqli moddiy yordam ko‘rsatdi.
Taassufki, bemahal shafqatsiz o‘lim Behzod akani dildan sevib ardoqlaydigan oila a’zolari, yaqinlari va hamshaharlaridan judo qildi.


Tohir HAMIDOV,
O‘zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a’zosi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan