Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Prezident farmoni bilan tasdiqlangan, tarkibi bir qator vazirlik va idoralardan iborat Respublika komissiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi hududiy komissiyalar ish olib boradi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jarayonga 150 mingdan ortiq xodimlar jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Aholini ro‘yxatga olish ishlari uchta bosqichdan iborat bo‘lib, belgilangan amaliyotga kirishulgunga qadar 2020—2023 yillarni o‘z ichiga oluvchi tayyorgarlik jarayonlari olib boriladi. Qaror bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida 2021 yilda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish Dasturiga ko‘ra, 2021 yilning 1—25 noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanlarida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish ishlari amalga oshiriladi. Bunda aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish jarayonlari, ro‘yxatga olish usullari, dasturi, savolnomalari, uslubiy qo‘llanma hamda me’yoriy-huquqiy hujjatlari amaliy sinovdan o‘tkaziladi. Natijalar asosida aniqlanadigan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
— Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala aholi o‘rtasida ro‘yxatga olishda faol ishtirok etish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borish hisoblanadi, — dedi Qobil Berdiqulov. — Shu maqsadda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan tadbirning shiori va logotipi ishlab chiqilib, aholini ro‘yxatga olishning rasmiy veb-sayti (aholi.stat.uz) yaratildi. Bu borada ro‘yxatga oluvchilarni tanlash va o‘qitish masalasi ham nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Chunki ma’lumotlarning to‘g‘riligi bevosita ularning malaka va amaliy ko‘nikmalariga bog‘liq. Shu bois, jarayonga jalb etiladigan xodimlar Davlat statistika qo‘mitasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan reja-jadval asosida maxsus o‘qitiladi. Ular uchun uslubiy qo‘llanma va videodarsliklar ishlab chiqilib, zarur hollarda, qo‘shimcha maslahatlar beriladi.
Aholini ro‘yxatga olish jarayonlarini xalqaro talablarga mos
va sifatli o‘tkazishda kartografik materiallarning aniqligi
ham muhim hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda aholini ro‘yxatga olish uchun zarur bo‘lgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari va xaritalari) bilan ta’minlash vazifasi yuklatildi. Aholi punktlari va ko‘chalarning nom belgilarini o‘rnatish, xonadon va uylarni to‘liq raqamlash ishlarini yakuniga etkazish vazifasi qo‘yildi. Milliy gvardiya va ichki ishlar organlariga esa aholini ro‘yxatga olish ishlariga jalb etiladigan xodimlar xavfsizligini ta’minlash topshirildi.
Kattaqo’rg’on shahar statistika bo’limi mamuryati