RAHBARLIKDA AYOLLAR ULUSHINING OSHISHI

Bugungi kunda rahbarlik lavozimlarida malakali, tashabbuskor va mas’uliyatli ayollarning ishtirokini kengaytirish zamonaviy boshqaruvning muhim yo’nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayollar jamiyat hayotining barcha sohalarida — ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyot, tadbirkorlik, ilm-fan va davlat boshqaruvida faol ishtirok etmoqda.

Ayol rahbarlarga xos yuqori tashkilotchilik, muloqot madaniyati va ijtimoiy masalalarga e’tiborli yondashuv boshqaruvda turli nuqtai nazarlarning inobatga olinishiga imkon yaratadi. Jamoada erkak va ayol rahbarlarning o’zaro tajriba almashishi qarorlarning yanada puxta, adolatli va muvozanatli qabul qilinishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ayollarning yuqori lavozimlarda bo’lishi yosh qizlar uchun muhim namuna bo’lib, ularning o’z kuchiga bo’lgan ishonchini oshiradi va kasbiy salohiyatini namoyon etishga rag’batlantiradi.

Rahbarlikda ayollar ulushini oshirishning asosiy maqsadi faqat statistik ko’rsatkichlarni o’zgartirish emas, balki munosib va salohiyatli kadrlarga o’z qobiliyatini to’liq namoyon etishi uchun teng imkoniyat yaratishdir. Buning uchun ayollarning sifatli ta’lim va kasbiy tayyorgarlik olish imkoniyatlarini kengaytirish, boshqaruv ko’nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan o’quv dasturlarini ko’paytirish va tashabbuskor kadrlarni barvaqt aniqlash lozim. Shuningdek, ish joylarida adolatli hamda shaffof lavozimga tayinlash tizimini ta’minlash, mentorlik tajribasini rivojlantirish va oila hamda mehnat majburiyatlarini uyg’unlashtirishga ko’maklashadigan qulay sharoitlarni yaratish zarur.

Yosh mutaxassis ayollarni erta bosqichdanoq loyihalarni boshqarish, jamoa bilan ishlash, strategik rejalashtirish va qaror qabul qilish ko’nikmalariga o’rgatish yuqori natija beradi. Rahbarlik lavozimlarida ayollar ulushini oshirish — bu ayollarga alohida imtiyoz berish emas, balki ularning bilim, tajriba va salohiyatidan teng asosda foydalanishni anglatadi.

Rahbarlikda ayollarning munosib o’rin egallashi nafaqat xotin-qizlarning, balki butun jamiyatning barqaror va adolatli taraqqiyoti uchun muhim omildir.

D. ANZIRATOVA,
shahar Kengashi deputati.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan