ASSALOM MAKTAB

Bolalik.
Ma’sum bolalikni eslash, xotirlash, o’sha beg’ubor bolalikning betakror, ajib tuyg’ulari qalbingizni yoritadigan bo’ladi. Shirin entikasiz, shirin xo’rsinsiz, shirin jilmaysiz, xuddi bolalikdagidek…
Bundan chamasi oltmish yillar oldin, eng bebosh go’daklik dunyosidan, olamga hayrat ko’zlari bilan qaray boshlagan, ko’cha changitib chopishlardan tiyilib, qog’oz, qalam, kitob degan mo’jizaviy bir olamga oshno bo’la boshlagan kunlarning oppoq otgan bir tongida, ayajonim qo’limdan yetaklab, ilk marta maktabga olib borgan edilar.

O’shanda 1960-yil 1-sentabr edi. Qo’limda katta guldasta, egnimda oppoq maktab formasi, oyoq kiyimimgacha hammasi yap-yangi. Kechagidek esimda. Ayajonim bilan maktabga kirib bordik. Maktab hovlisi gavjum. Kimning qo’lida hujjat, kim bolasini yetaklagan, kim shoshgan, yana kimdir…

Bunaqa g’ala-g’ovurni birinchi marta ko’rayotganim uchunmi, boshqa dunyoga tushib qolganday bo’ldim, go’yo.

Shunda ayajonim qo’llaridan tortdim-da, bormayman deb joyimda turib oldim. Yur, – dedilar ayajonim, – hozir o’qituvchingning oldiga boramiz, qara ana ular ham o’sha yoqqa borishyapti, – deb bolalarini yetaklab ketayotgan ota-onalarga ishora qilib, meni maktab hovlisining kunchiqar tomonida joylashgan bino tomon yetakladilar.

Keyin qop-qora partalar qo’yilgan xonaga kirdik. O’qituvchi-ustoz meni birinchi partaga o’tqazib qo’ydilar. Papka-sumkangni partaning tagiga qo’yasan, dedilar. Men esa sumkamni yanada qattiqroq quchoqlab oldim. Qo’limdagi guldastani partaning ustiga qo’ydim. Sinfxona bolalar bilan to’la boshladi.

Bolalaridan ko’ngil uzolmagan ota-onalar eshik oldida turishardi. Qo’ng’iroq chalindi. Birinchi qo’ng’iroq.

O’qituvchimiz hammamizni turishimizga da’vat qildilar. Keyin salom bolalar dedilar. Hamma jim. «O’tiringlar» deganlarida hamma tapur-tupur qilib o’tirdi.

«Bugun birinchi sentyabr. Birinchi o’qish kuni. Endi sizlar mana shu maktabning o’quvchisi bo’ldingiz. Tabriklayman. Men sizlarning o’qituvchingizman — Sanobar To’ymetova. Meni mulla opa deb chaqirasizlar», dedilar. Yana hamma jim. Xuddi shunday bo’lishi kerakday. Eshik oldida turgan ota-onalarning ko’ngli xotirjam bo’ldi shekilli, asta-sekin chiqib ketishdi. Ayajonim ham eshikdan chiqayotib, «gullarni mulla opaga ber» deb imladilar-da chiqib ketdilar.

Yangi uvishtirganday bo’ldi. Birinchi marta yolg’iz qolayotganim uchunmi, ko’zlarim yoshlandi. Ularning orqasidan yugurib chiqib ketgim keldi. Yana jur’atim yetmadi. Yerga qaradim. Ko’zimdagi yosh partaga dumaladi. «To’p» etib tushganini o’zimdan boshqa hech kim eshitmadi, sezmadi ham. Sekin atrofimga qaradim. Hayriyatki Hammaning e’tibori o’qituvchimizda edi.

Maktabdagi o’quvchilik davrim shunday boshlangan. Ustozim Sanobar To’ymetova juda mehribon, bilimli, talabchan edilar. Ularning o’tgan darslarini maroq bilan tinglardim. Maktabdan qolmasdim, berilgan uy vazifalarini a’lo darajada bajarardim.

Ayniqsa, o’qish, rasm chizish, bichish-tikishga juda qiziqardim. Sinf doskasini artish uchun yostiqchalar tikib borardim. Sinfimizda tuvak gullar ko’p edi. Ularni parvarishlashni yoqtirardim. Meni tirishqoqligimni ko’rib, darslarni tez o’zlashtira boshlaganim uchunmi, meni sinfboshi qilib qo’ydilar. Shu bilan 10 yil o’qishim mobaynida sinfboshi bo’ldim. Savodim chiqib, turli xil badiiy kitoblar o’qiy boshladim. Ayniqsa qish kunlari issiqqina sandalga tiqilib olib, kitob o’qishning gashti boshqacha bo’lardi-da.

Oltmishinchi yillarda hali svet ham, gaz ham biz tomonlarga kelmagan edi. Ayajonim rahmatli har kuni lampashisha yuvardilar. Ertalab barvaqt turib, pechkaga o’tin, ko’mir yoqib uyni isitardilar. Ovqatlarni o’choqda pishirardilar.

O’sha paytlarda televizor degan narsa yo’q edi. Radio bor edi, xolos. Ayajonimning chiroq yorug’ida tikish tikib, ertak aytib berishlarini yoqtirardim. Siyohdonimga «turvacha» to’qib berardilar. Hozirgidek turli xildagi maktab sumkalari qayda, deysiz. Sinfimizda to’rtda-beshtamizda portfel bo’lardi. Qolgan bolalar latta-sumkaga kitoblarini solib maktabga kelishardi.

Qaniydi, o’sha bedard, begham damlarga bir zumgina qaytsam…

Qaniydi, darvozadan kirib borsam-da, ayajonim, dadajonim chorpoyada o’tirgan bo’lsalar. Men yugurib borib, bugun olgan besh baholarimni maqtansam. Dadajonimning barakalla qizim deb sochlarimni silab, ayajonimni bag’irlariga olib erkalashlarini qumsayman, judayam sog’inaman. Afsus, dunyolarga alishib bo’lmas u go’zal damlar endi shirin xotira, unutilmas tarix.

Meni dunyoga keltirgan mehribon ota-onam, dunyoni anglashni o’rgatgan birinchi o’qituvchim Sanobar To’ymetova, til va adabiyot o’qituvchi-ustozim Jalol Uzoqov, tarix o’qituvchimiz Mo’mina Hasanova, botanika o’qituvchimiz Ma’suma Saidova, mehnat (tikish-bichish) o’qituvchimiz Olga Yefimovna, rus tili o’qituvchilarimiz Yekaterina Petrovna Abduhakimova, Nadejda Nikolayevna Kutsenko, matematika o’qituvchimiz Marziya Dinyasheva, sinf rahbarimiz Ra’no Narzullayevna Tog’oyeva kabi o’z kasbining fidoyilari muhtarama ustozlarimni chuqur mehr-muhabbat bilan eslagim, yod olgim keldi. Men ularning ruhi poklari oldida doimo ta’zimdaman.

Erkatosh SHUKUROVA,
O’zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan