QAROR IJROSI — QAT’IY NAZORATDA
Prezidentimiz PQ–1-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida shaharda tanqidiy-tahliliy ruhda yig‘ilish o‘tkazildi. Unda shahar hokimi G. Alimova, shahar prokurori, ichki ishlar organlari rahbarlari, mahalla yettiligi a’zolari hamda tegishli tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni shahar hokimi ochib, kun tartibidagi masalalarning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Dastlab so‘z olgan shahar prokurori tomonidan qaror ijrosini o‘rganish natijalari yuzasidan atroflicha axborot berildi. Qayd etilishicha, ayrim hududlarda targ‘ibot-tashviqot ishlari yetarli darajada tashkil etilmagani sababli huquqbuzarlik holatlari ortib borayotgani aniqlangan. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul shaxslar keskin ogohlantirildi.
Shahar hokimi o‘z so‘zida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqidiy baholab, bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan qat’iy talablar qo‘ydi. U kelgusida mahalla yettiligi, ichki ishlar organlari va boshqa tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, profilaktik chora-tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshirish orqali bunday holatlarning oldini olish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, Prezident qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan shahar hokimligi tomonidan qabul qilingan farmoyish asosida belgilangan ustuvor vazifalar haqida to‘xtaldi.
Farmoyishga ko‘ra shaharda sog‘lom ma’naviy muhitni yaratish, huquqbuzarlik va jinoyatlarni oldini olish maqsadida har bir soha kesimida mahallalarda turli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish, xotin-qizlar va yoshlar jinoyatchiligini olish borasida tizimli ishlarni tashkil qilish, profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, bu borada ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlarni amalga oshirish va boshqa bir qator tadbirlarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shundan kelib chiqib, har bir mas’ulga aniq topshiriqlar va muddatlar belgilab berildi.
Yig‘ilish yakunida sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, huquqbuzarliklarning oldini olish va qaror ijrosini to‘liq ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.








