“FAVQULODDA VAZIYATLARDAN XOLI MAHALLA OYLIGI”DA FAOL BO‘LING!

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan, 2026-yil 1-fevraldan 28-fevralga qadar respublikamizda “Favqulodda vaziyatlardan xoli mahalla oyligi” o‘tkazilmoqda. Mazkur oylik doirasida Kattaqo‘rg‘on shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan mahallalar, korxona va tashkilotlar, ijtimoiy soha obyektlari, fuqarolarning yashash xonalari hamda qurilish obyektlarida favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar tizimli ravishda olib borilmoqda.

Xususan, oylik davomida: “Mahallabay” va “xonadonbay” tartibda profilaktik qamrovni kengaytirish, favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibottashviqot ishlarini kuchaytirish, qurilish obyektlarida yong‘in xavfsizligi ustidan nazoratni kuchaytirish, tunda odamlar qoladigan obyektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, targ‘ibot ishlari orqali aholining xavfsizlik madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, fevral oyida kuzatilishi mumkin bo‘lgan sovuq ob-havo sharoitida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu munosabat bilan fuqarolarga quyidagilarga qat’iy amal qilish tavsiya etiladi: – gaz va boshqa yonuvchi moddalar (ko‘mir, o‘tin va boshqalar)dan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish; –nostandart yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish moslamalaridan foydalanmaslik; –isitish pechlari va dudbo‘ronlarni doimo soz va toza holatda saqlash; –gaz ballonlari hamda gazda ishlovchi isitish moslamalarini yashash va dam olish xonalariga olib kirmaslik; –oshxonadagi gaz plitalaridan xonalarni isitish uchun foydalanmaslik; –havo almashmaydigan xonalarda ochiq olovdan foydalanmaslik; –shamollatish shaxtalari va tuynuklarni ochiq va ishchi holatda saqlash; –xonadonlarga is gazini aniqlovchi maxsus qurilmalar o‘rnatish; – gaz ballonlarini issiqlik manbalariga yaqin joyda saqlamaslik.

Agar binoda gaz hidi sezilsa, darhol oyna va eshiklarni ochib, tashqariga chiqish hamda 104 (gaz xizmati), 101 yoki 1050 (qutqaruv xizmati) raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish zarur. Bunday holatlarda chiroq yoqish, ochiq olovdan foydalanish va elektr uskunalarini ishga tushirish qat’iyan man etiladi.

Hamshaharlarimizdan doimiy ravishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlarini hamda oylikda faol ishtirok etishlarini so‘rab qolamiz.

S.SAMATOV, shahar FVB FVPB katta inspektori, katta leytenant.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan