TADBIRKOR AYOL TASHABBUSI — YANGI ISH O‘RINLARI

Bugungi kunda shahrimizda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, ayniqsa, xotin-qizlarning biznesdagi faolligini oshirish hamda ularni doimiy ish bilan ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada tadbirkor ayollarning tashabbuslari alohida e’tiborga loyiq.

Xususan, Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Mansurbek Qo‘rg‘on Biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlari tashkil etilib, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda. Korxona rahbari, shahrimizning faol va tashabbuskor tadbirkorlaridan biri Go‘zal Jumayevaning sa’y-harakatlari bilan Xitoy Xalq Respublikasidan zamonaviy texnologik uskunalar keltirildi.

Ayni paytda mazkur korxonada 5 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlanib, sentrifuga ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa nafaqat mahalliy bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlash, balki yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini ham bermoqda.

Yaqinda shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Sh. Kuchkarova ushbu korxonada bo‘lib, ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. U korxona faoliyatiga ijobiy baho berib, xotin-qizlar bandligini yanada kengaytirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Ta’kidlash joizki, loyihaning keyingi bosqichida “Mansurbek Qo‘rg‘on Biznes” MCHJ tomonidan ishsiz xotin-qizlar uchun qo‘shimcha 20 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bu esa hududda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, tadbirkor ayollar tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bunday loyihalar xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va faolligini yanada mustahkamlab, shahrimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.

O‘z muxbirimiz.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan