HAR BIR LOYIHA — SHAHRIMIZKELAJAGIGA QO‘SHILGAN HISSA
Kattaqo‘rg‘on shahri keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari tufayli zamonaviy shaharlar qiyofasida namoyon bo‘lmoqda. Baland va zamonaviy inshootlar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. Shahar taraqqiyotida turli soha vakillari qatori tadbirkorlarning, ayniqsa, qurilish sohasi vakillarining hissasi beqiyos.
Ana shunday bunyodkorlik ishlariga o‘zining ko‘p yillik mehnati bilan munosib hissa qo‘shib kelayotgan kattaqo‘rg‘onlik yetakchi quruvchilardan biri — Nizom Fayziyev bilan suhbatimiz shu mavzuga bag‘ishlandi.
— Sizni hamshaharlarimiz o‘z ishining ustasi, yetakchi quruvchi sifatida yaxshi taniydi. Ayting-chi, qurilish sohasiga kirib kelishingizga nima turtki bo‘lgan?
— Yoshligimdan qurilish sohasiga qiziqishim katta bo‘lgan. Baland, chiroyli qurilgan imoratlarni ko‘rib havasim kelardi. Ko‘pchilik yaxshi biladi, o‘sha yillarda “Binokor” qurilish tashkiloti faoliyat yuritardi. Shahrimizdagi ko‘plab inshootlar aynan shu tashkilot tomonidan barpo etilgan. Uning rahbari Saidahmad Razzoqov mening ustozim bo‘lgan.
Dastlabki ish faoliyatimni 1992-yilda boshlaganman. Ilk yillarda asosan bog‘cha va maktablarni ta’mirlash ishlarini amalga oshirdik. 2003-yilda mamlakatimizda davlat dasturi asosida ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda keng ko‘lamli qurilish ishlari boshlandi. Shu yili alohida qurilish tashkiloti sifatida ish boshlab, shahrimizdagi 2-umumta’lim maktabining ikki qavatli binosini qurdik.
Shundan so‘ng shahrimizdagi deyarli barcha maktablarning qurilish va ta’mirlash ishlarini bajardik. 2012-yilda davlat dasturiga muvofiq musiqa maktablari qurilishi boshlanib, Kattaqo‘rg‘on shahridagi musiqa maktabi binosini barpo etdik. Keyinchalik, 2018-yildan boshlab ko‘p qavatli uy-joylar qurilishiga ham kirishdik. Davlat dasturi asosida shahrimizdagi besh qavatli uylar va “Kamolot” uylarini barpo etdik.
— Qurilish sohasining mashaqqatli ekani hech kimga sir emas. Shu kasbni tanlaganingizdan afsuslangan paytlaringiz bo‘lganmi?
— Har qanday ishning o‘z qiyinchiliklari bo‘ladi. Qurilish sohasining ham mashaqqati, mas’uliyati katta. Inshootlarni belgilangan muddatda va sifatli qilib topshirish talab etiladi. Ayrim paytlarda mablag‘ bilan bog‘liq muammolar ham bo‘lgan. Lekin shunga qaramay, boshlagan ishimizni yarim yo‘lda tashlamay, barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda o‘z vaqtida yakunlashga harakat qilganmiz.
Rostini aytsam, hech qachon afsuslanmaganman. Balki shu kasbni chin dildan sevganim uchun uning qiyinchiliklari menga og‘ir tuyulmagan. Aksincha, ana shu mashaqqatlar meni sohani yanada yaxshi ko‘rishga, uning ustasi bo‘lishga undagan. Bugun barpo etgan imoratlarimni, ularda yashab xursand bo‘layotgan insonlarni ko‘rib, chinakam zavq olaman. Quruvchi fidoiy va mas’uliyatli bo‘lmasa, o‘z maqsadiga erisha olmaydi.
— Bugun qurilish sohasi eng rivojlangan va raqobat kuchli yo‘nalishlardan biri. Siz raqobatni qanday qabul qilasiz?
— Qurilish sohasida sog‘lom raqobat bo‘lishi juda yaxshi. Raqobat sifatni oshiradi, dizaynni boyitadi, mas’uliyatni kuchaytiradi. Raqobatda yutqazmaslikning eng muhim omili — xaridor, ya’ni mijoz ishonchini qozonishdir. Odamlar yillab mehnat qilib topgan puliga xiyonat qilmaslik, aytilgan muddatda sifatli uy-joyni topshirish har bir quruvchining burchidir.
Faoliyatim misolida aytadigan bo‘lsam, 2010-yillarda ilk ko‘p qavatli uy-joylarni Samarqand shahrida barpo etishni boshlaganmiz. O‘shanda uylarni ko‘rgan kattaqo‘rg‘onliklar: “Shahrimizda ham shunday zamonaviy uylar qurish kerak”, degan fikrlarni bildirishgan. Ana shu ishonch va qo‘llab-quvvatlov menga katta ruhiy kuch bergan. O‘sha paytda niyat qilgandim: albatta, Kattaqo‘rg‘onda ham zamonaviy qiyofadagi uylar barpo etaman, deb. Bugun bu orzularim amalga oshdi.
— Shahrimizda barpo etayotgan uy-joylaringiz va kelgusidagi rejalaringiz haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
— Tug‘ilib o‘sgan shahrimda zamonaviy va shinam uy-joylar barpo etish menga ilhom bag‘ishlaydi. Ilk loyihamizni 2022-yilda “Obod makon” dasturi doirasida amalga oshirdik. Ushbu loyiha asosida 150 xonadonli uy-joy majmuasi foydalanishga topshirildi. Keyinchalik, 2025-yilda “Obod makon–2” loyihasi doirasida 180 xonadonli ko‘p qavatli uylar o‘z egalariga topshirildi.
Umuman, har bir loyihamga alohida nom qo‘yish odatim bor. Chunki nom — mazmun va g‘oya ifodasidir. Ayni paytda harbiylar shaharchasida 8 qavatli zamonaviy uy-joylar qurilishini olib bormoqdamiz. Ushbu loyihaga “Muhtasham” deb nom berdik. Unda milliy an’analar va zamonaviy me’morlik uslublarini uyg‘unlashtirishga harakat qilyapmiz.
Shuningdek, eski shahar hududida “Sharqona” deb nomlangan 7 qavatli, 1500 xonadonga mo‘ljallangan yangi loyihani rejalashtirganmiz. Yangi markaz hududida esa “Obod makon–3” loyihasi doirasida 12 qavatli, 1800 xonadonli uy-joylar qurilishi boshlab yuborilgan. Ishonamanki, barpo etilayotgan barcha uy-joylar hamshaharlarimizga manzur bo‘ladi.
— Samimiy suhbat uchun minnatdorlik bildiramiz. Kasbingizga sodiqligingiz yosh avlod uchun hamisha namuna bo‘lib qoladi. Kelgusi ishlaringizda zafarlar tilaymiz!
Suhbatdosh: Hilola ERGASHEVA.












