KOMPLAENS — BU SHUNCHAKI LAVOZIM EMAS, BU TA’SIRCHAN NAZORAT!

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashning yangi bosqichi barcha mas’ullarni hushyorlikka chorlashi shart. Bugun jamiyatimizdagi eng katta illat — korrupsiya va mansabni suiiste’mol qilish ekani hech kimga sir emas. Ochiqlik yo‘q joyda illat ildiz otadi, javobgarlikdan qochish kayfiyati paydo bo‘ladi. Biroq, endi bunday “yopiq eshiklar” ortida bekinish, talon-toroj qilish davri tugadi.

Yaqinda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus — barcha idoralarda komplaens (compliance) va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimining joriy etilishi hamda Hisob palatasi vakili faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi korrupsiyaga qarshi haqiqiy kurash e’lon qilinganidan dalolatdir.

Yangi tizimning asosiy vazifasi — tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash va mansabni suiiste’mol qilishning oldini olishdir. Bu nazorat vakillari ichki “chirigan” tizimlarni tozalash uchun mas’ul etib belgilandi.

Eng muhimi, Prezident ta’kidlaganidek: «Komplaens xizmati faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar korrupsiyaga sherik deb baholanadi va javobgarlik shunga mos holda bo‘ladi». > Bu juda jiddiy ogohlantirish va keskin cheklovdir!

Biz deputatlar sifatida idoralarda bo‘lganimizda shunga guvoh bo‘lyapmizki, profilaktika ishlari ko‘pincha quruq hisobotlardan iborat bo‘lib qolmoqda. Kitob, gazeta va jurnallarni o‘qishni chetga surib, faqat internetdan ma’lumot olishga o‘rganib qolgan, ayrim ma’naviy dunyosi “panjaralar” bilan o‘ralgan mas’ullar haqiqiy profilaktika nima ekanini unutib qo‘ygan.

Ma’naviyat va huquqiy tarbiyani chuqur tahlil hamda mulohazadan olmagan rahbar — ertaga korrupsiya botqog‘iga botishi muqarrar. Korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina huquq-tartibot idoralarining ishi emas. Bu — har birimizning, ayniqsa, har bir rahbarning vijdoniy burchidir.

Halollik va shaffoflik — 2026-yilning va kelgusi davrning bosh talabidir. Bu talabga javob bermaganlar qonun oldida albatta javob beradi!


Jamshid NOSIROV, Deputat, Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan