AHOLINING OSOYISHTALIGI VA XAVFSIZ HAYOTINI TA’MINLASH YO‘LIDA

Har qanday mamlakatning taraqqiyoti va yuksalish darajasi aholi osoyishtaligi, xavfsiz hayoti hamda jinoyat uchun jazo muqarrarligini ta’minlash samaradorligi bilan baholanadi. Albatta, bu borada yurtimizda ham Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlarning tub mohiyati, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash hamda turmush farovonligini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari ijrosi yuzasidan ko‘rilgan choralar natijasida 2025-yilda mahallalarimizdagi kriminogen vaziyatning barqarorligini ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Shahrimizdagi mutasaddi idora va tashkilotlar hamda xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda.

Ko‘rilgan profilaktik choralar natijasida jinoyatchilikning quyidagi turlari kamayishiga erishildi:

  • Talonchilik — 100 foizga;
  • Firibgarlik — 12,1 foizga;
  • Yengil tan jarohati yetkazish — 16,7 foizga;
  • Bezorilik — 20 foizga;
  • O‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari — 66,7 foizga;
  • Voyaga yetmaganlar jinoyati — 28,6 foizga;
  • Ayollar jinoyati — 46,7 foizga;
  • Mast holda sodir etilgan jinoyatlar — 58,8 foizga;
  • Muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar — 50 foizga kamaygan.

Biroq, amalga oshirilgan profilaktik chora-tadbirlarga qaramasdan, shaharda oilaviy zo‘ravonlik, o‘g‘rilik, transport vositasini olib qochish, shuningdek, yoshlar va ishsizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning oshganligini kuzatish mumkin.

Jinoyat sabablari o‘rganilganda, fuqarolarning uy-joyidagi moddiy qimmatliklar va jihozlar ochiq holda saqlanishi, bu borada tushuntirish ishlari yetarli olib borilmaganligi oqibatida o‘g‘rilikka sharoit yaratilganligi aniqlandi. Shu sababli, shahrimiz aholisiga yashash joylarini Qo‘riqlash xizmati texnik nazoratiga topshirish, videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish va moddiy boyliklarni qarovsiz qoldirmaslikni tavsiya etamiz. Jinoyat qurboni bo‘lib qolmaslik uchun, avvalo, ehtiyotkorlikka rioya qilish, turli aldovlarga ishonib qolmaslik lozim.

Shu o‘rinda e’tiboringizni yana bir jihatga qaratmoqchiman. Sodir etilgan jinoyatlarning deyarli yarmini hali-hanuz axborot texnologiyalari (kiberjinoyat) bilan bog‘liq holatlar tashkil etmoqda. Bu turdagi jinoyatlar 80,5 foizga kamaygan bo‘lsa-da, ularni sodir etishda yangi usullar qo‘llanilmoqda. Shu sababli, fuqarolarimizdan Telegram, WhatsApp va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali kelgan shubhali taklifnoma, tabriknoma yoki “.apk” formatidagi fayllarni ochmasliklarini so‘rab qolamiz.

Shahar prokuraturasi bundan buyon ham jinoyatlarning barvaqt oldini olish va vakolatli organlar faoliyatiga xolisona baho berib borishni davom ettiradi. Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi va mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish ham qonuniy, ham insoniy burchimizdir.J. TURDIMURODOV,shahar prokurori v.b.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan