MAHALLADAN BOSHLANGAN YUKSALISH — KELAJAK TAMAL TOSHIDIR

Davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yil «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilindi. Mahalla obod bo‘lsa — butun mamlakat obod bo‘ladi, mahalla yuksalsa — jamiyat ravnaq topadi. O‘tgan yil sarhisobiga nazar tashlar ekanmiz, shahrimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yangilangan ko‘chalar va tinch-osuda kunlarimiz uchun shukrona aytamiz. Biroq erishilgan yutuqlar biz uchun faqatgina tamal toshi bo‘lib, 2026-yilda oldimizda yanada yuksak marralar turibdi.

Bu yilda asosiy e’tiborimiz, avvalo, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizga qaratiladi. Kattaqo‘rg‘on yoshlari o‘z bilimi va iqtidori bilan nafaqat viloyatimizda, balki respublika miqyosida ham ajralib turishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.

Har bir mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga, xorijiy tillarga va axborot texnologiyalariga o‘rgatish maqsadida yangi o‘quv markazlari va sport maydonchalarining faoliyati kengaytiriladi. Biz uchun har bir yigit-qizning taqdiri, uning ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topishi — eng muhim vazifadir. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash orqali biz nafaqat bugunni, balki ertangi kuchli jamiyatni barpo etamiz.

Ta’lim sohasidagi islohotlar 2026-yilda yangi bosqichga ko‘tariladi. Maktablarimizning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan birga, ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratiladi. Mahalla va maktab o‘rtasidagi aloqani kuchaytirib, farzandlarimizning tarbiyasi va ilm olishiga nafaqat ustozlar, balki butun mahalla ahli mas’ullik hissi bilan yondashishi lozim.

Shu bilan birga, xalqimiz salomatligi — bizning eng katta boyligimizdir. Sog‘liqni saqlash tizimida “mahallabay” ishlash tamoyili asosida tibbiy xatlov va profilaktika ishlarini kuchaytiramiz. Har bir fuqaro o‘z mahallasida sifatli tibbiy xizmatdan foydalana olishi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bizning kundalik faoliyatimiz mezoniga aylanadi.

Jamiyatning yuksalishi nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki ma’naviy uyg‘onish bilan ham bog‘liq. Shu bois, mahallalarimizda kitobxonlik va gazetaxonlik an’analarini tiklash, davr nafasini aks ettiruvchi mahalliy nashrlarimizga bo‘lgan qiziqishni oshirish juda muhim. Gazeta — bu tarix va ma’naviyat ko‘zgusidir. Har bir xonadonda ziyo nuri taralishi, odamlarimiz ijtimoiy voqealarga daxldorlik hissi bilan yashashi kerak.

2026-yilda Kattaqo‘rg‘onni chinakam ilm-ma’rifat va salomatlik shahriga aylantirish yo‘lida hammamiz bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishimizga ishonaman.

Gavhar ALIMOVA, shahar hokimi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan