TOPGANINGIZ TO‘YGA BUYURSIN, AMMO…
To‘y — inson umrining ajoyib oni. «To‘yga yetkazsin, topganingiz to‘yga buyursin», deya niyat qilinadi. Azaldan orzu-havasli xalqimiz to‘y deb yig‘inadi, eng yaxshi narsalarini to‘y uchun ataydi. Aslida, orzuga ayb yo‘q. Har bir xalqning ma’naviy hayotida to‘ylar muhim o‘rin tutadi. Ular oilaviy qadriyatlarni avloddan avlodga yetkazishda vosita bo‘ladi.
Biroq so‘nggi yillarda to‘ylarimizda haddan ortiq dabdaba va isrofgarchilik ko‘payib bormoqda. To‘yga taniqli san’atkorlarni olib kelib, tillarda doston bo‘ladigan dabdaba qilish, oxiri ko‘rinmaydigan xorijiy avtomashinalar karvoni, karnay-surnay, nog‘orachiyu yallachilar, dasturxonga qavat-qavat qo‘yilgan turfa xil noz-ne’matlar ortiqcha sarf-xarajat emasmikan?!
«Odomlar nima deydi?» degan savol ko‘p oilalarni ortiqcha pul sarflashga majbur qiladi. Hattoki qarzga botish, uy-joyini sotish yoki kredit olish hisobidan to‘yni katta qilib o‘tkazish odatga aylandi. To‘ylar ba’zan «obro‘ poygasi»ga aylanib qoldi. «Falonchining to‘yi shunday bo‘lgan ekan, biz undan qolishmasligimiz kerak», degan fikr ko‘pchilikning ongiga singib ketgan. Ammo obro‘ tantana bilan emas, tarbiyali farzand va baxtli oila bilan o‘lchanishi kerak emasmi?
Kelin-kuyovning to‘ydan oldin «sevgi tarixi» (Love story) uchun joy tanlashi, chet elga borib suratga tushishi — bu yo‘lda sarflangan mablag‘-chi? To‘yxonalar narxining ahamiyati yo‘q, faqat «zo‘ri» bo‘lsin, deya qimmatbahosini tanlash bor gap. Qator-qator chet el rusimidagi mashinalardan iborat to‘y kortejlarining yo‘llarda harakatlanishi yoshlarning baxtini nishonlashdan ko‘ra, ko‘z-ko‘z qilishga o‘xshab ketadi. Bu holat yo‘llarda tirbandlik, xavfsizlikka tahdid va odamlar uchun noqulaylik tug‘diradi.
Yoxud to‘ydan keyin bir necha oy qiziqish bilan tomosha qilinadigan suratlar uchun falon pul sarflab fotosessiya qilish kimga kerak?! Kelin-kuyovning ustidan dasta-dasta pul sochishlar, yo‘liga gullardan poyondoz qilishlar — bularning barchasi isrofgarchilik emasmi?
To‘y — milliy qadriyatlarimizdan biri. Uning ham o‘ziga xos qonun-qoidalari, me’yorlari bor. Ota-bobolarimizdan qolgan an’analarni o‘zbekona, kamtarona tarzda o‘tkazaylik. To‘yni «kimo‘zar»ga emas, reja asosida nishonlash kishining ma’naviyatini aks ettiradi. Bunga qasd qilgan kishi «zo‘r» odamga emas, aksincha, oyog‘i yerdan uzilgan noshukur kimsaga o‘xshab qolayotganiga aqli yetarmikan?
Shu bilan birga, to‘yga sarflanadigan ortiqcha mablag‘lar yosh oilaning kelajagi uchun yo‘naltirilsa, foydaliroq bo‘lar edi. Masalan, uy-joyga boshlang‘ich to‘lov qilish, ta’lim yoki kasbga sarmoya kiritish kelgusida oila barqarorligini ta’minlaydi.
Binobarin, to‘y — quvonchli tadbir. Undan kutilgan maqsad-muddao ham ezgu va xayrlidir. Shunday ekan, to‘ylarimiz mazmunli, xushnudlikda o‘tadigan, kattaga hurmat, kichikka izzat ko‘rsatiladigan, yosh oilalarga chin dildan baxt tilanadigan tadbir sifatida xotiramizda muhrlanib qolsa, barchamizning dilimiz ravshan bo‘ladi.
Umida MAMADALIYEVA, jurnalist.









