“SOG‘LOM VA BARKAMOL AVLOD KELAJAGIMIZ POYDEVORI” GRANT LOYIHASI. SIL KASALLIGI QANDAY YUQADI?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 10 milliondan ortiq odam sil kasalligidan aziyat chekadi. Eng achinarlisi, ushbu kasallikning davosi bo‘lsa-da, har yili 2 millionga yaqin kishi uning oqibatida hayotdan bevaqt ko‘z yumadi. Buning sabablaridan biri aholining sil kasalligi xususida yetarlicha ma’lumotga ega emasligidir. Sil – umumiy yuqumli kasallik bo‘lib, organizmning hamma a’zolarini shikastlashi mumkin. Uni ko‘zga ko‘rinmaydigan mayda bakteriyalar – sil tayoqchalari yuzaga keltiradi. Sil tayoqchalari organizmga kirgach, uzoq vaqt yashovchanligini saqlab qoladi. Oradan ko‘p yillar o‘tgach, organizm uchun noxush sharoitlar ta’sirida, ko‘p hollarda, sil tayoqchalari o‘pkani zararlaydi, ba’zi hollarda markaziy nerv tizimi, suyakbo‘g‘im, buyraklar, jinsiy a’zolar, limfa tugunlari, qorin bo‘shlig‘i a’zolari, teri, ko‘z va boshqa a’zolar sili rivojlanishi mumkin. — Sil kasalligi qanday yo‘llar orqali yuqadi? Insoniyat bu kasallikdan qay darajada himoyalangan? — Sil tayoqchalari ko‘p hollarda organizmga nafas yo‘li orqali o‘tadi, o‘pka to‘qimalarida rivojlanadi va ko‘payadi. O‘pka to‘qimasida bo‘shliq (kaverna) lar hosil bo‘ladi. Bu bo‘shliqlarda millionlab sil mikroblari bo‘ladi. Mikroblar bemor yo‘talganda, aksirganda, qattiq gaplashganda, tupurganda balg‘am zarralari bilan atrofga otilib chiqadi va sachraydi. Bu ko‘zga ko‘rinmas balg‘am zarralarida minglab sil tayoqchalari bo‘ladi. Sil bakteriyalari bir necha soatgacha saqlanishi mumkin, ayniqsa xona havosida uzoq vaqt saqlanib qoladi. O‘pka sili bilan kasallangan bemor xonada uzoq vaqt qolsa, bakteriyalarning soni ko‘payib, boshqa kishilarning nafas yo‘llariga o‘tadi. Bu silni yuqtirishning asosiy yo‘li bo‘lib, havo-tomchi usuli deb yuritiladi. Bemor duch kelgan joyga balg‘am tashlasa, vaqt o‘tib qurib, sil tayoqchalari havoga chang bilan ko‘tariladi va nafas yo‘llari orqali sog‘lom kishilarga o‘tadi. Demak hech kim sil tayoqchalarining yuqishidan himoyalangan emas, chunki havo hamma uchun umumiydir. Sil ko‘p hollarda gripp yoki nafas yo‘llarining shamollashi niqobi ostida kechadi. Nafas yo‘llarini shamollashida ishlatiladigan dorilar esa sil tayoqchalariga ta’sir qilmaydi. Oqibatda odam kasallikni o‘tkazib yuboradi. Agar bemor vaqtida davolanmasa, yo‘tal kuchayib, balg‘am ajralib chiqadi, ba’zan qon tupuradi. Sil uzoq davom etadigan kasallik. Uni davolash 6—8 oy muddatni talab etadi. Bu muddat davomida shifokor tavsiya etgan dorilarni qabul qilishda tanaffusga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik kerak. Agar bemor davolanish davomida o‘zini yaxshi his etib, dorilar ichishni to‘xtatib qo‘ysa yoki vaqtida ichmasa, sil tayoqchalari dorilarga nisbatan chidamlilikni shakllantiradi, oqibatda sil tayoqchasining bu doriga chidamli bo‘lgan boshqa kuchliroq turlari paydo bo‘ladi. Silning bu turlariga qarshi kurashish ancha qiyin kechadi, davolanish uzoq cho‘ziladi. Agar bemor davolanmasa, kasallik o‘limga olib keladi. Davolanish davomida kasallikning yuqumliligi kamayib boradi. — Sil irsiy kasallik emas, u nasldan naslga o‘tmaydi. Faqat yaqin muloqotda bo‘lganligi sababli bemorning oila a’zolariga kasallikning yuqish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Shuning uchun sil kasalligi ba’zi hollarda oilaviy ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin. — Sil kasalligini aniqlash va davolash xizmatlari bepul ko‘rsatiladi. Hozirgi vaqtda silga qarshi emlash (BSJ) tug‘ruqxonada, chaqaloq hayotining birinchi kunlarida o‘tkaziladi. Emlashning ta’siri 5—7 yildan keyin kamayadi. Shu munosabat bilan qayta emlashlar o‘tkaziladi. — Sil kasalligiga chalinmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak? Har yili kamida bir marta shifokor nazoratidan o‘tib turing.

Shoira SOBIROVA, Sanepidqo‘m shahar epidemiologiya va immunoprofilaktika bo‘limi mudiri.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan